Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirligi, Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi hamda BMT Taraqqiyot Dasturi hamkorlikda afgʻonistonlik xotin-qizlarning Oʻzbekistonda tahsil olishi uchun maxsus grantlar ajratilgan edi. Loyihaga koʻra, 50 nafar ayolga Qozogʻiston va Oʻzbekiston universitetlarida taʻlim olish imkoniyati beriladi.
Grant gʻoliblari orasidan 10 nafar afgʻonistonlik xotin-qiz Toshkent davlat agrar universiteti talabasiga aylangan. Ularning bu taʻlim dargohida tahsil olayotganiga bir oy boʻldi, deb yozadi TDAU axborot xizmati.
Xorijlik talaba yoshlarni Toshkent davlat agrar universiteti rektori, akademik Botirjon Sulaymonov va boshqa masʻullar tomonidan kutib olinib, qisqacha tanishuv suhbatidan soʻng yoshlar barcha qulaylik va sharoitlarga ega talabalar turar joylariga joylashtirilgan edi. Afgʻonistonlik talabalar ilk kunlardanoq katta ishtiyoq bilan oʻzbek tilini oʻrganishga kirishgan.
Ular boʻsh vaqtlarida universitetda oʻtkazilayotgan turli maʻnaviy-maʻrifiy va madaniy tadbirlarga taklif qilinmoqda. Shuningdek, xorijlik talabalar boy kitob fondiga ega universitet Axborot-Resurs markazi bilan tanishtirilib, barchalariga aʻzolik guvohnomalari topshirildi. Talabalarning salomatligini doimiy nazorat qilib turish maqsadida universitet poliklinikasiga roʻyxatga qoʻyilib, keng tarmoqli tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Qolaversa, ularni yurtimiz haqidagi tasavvurini yana-da boyitish maqsadida shaharning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etilmoqda. Talabalar maxsus reja asosida “Tashkent city”, “Xumo Arena” hamda Toshkent teleminorasi bilan tanishtirildi.
Afgʻon yoshlari oʻz qiziqishlariga koʻra, ayrimlari doimiy sport mashgʻulotlariga qatnayotgan boʻlsa, baʻzilariga oʻzbek milliy taomlarining tayyorlanish sirlari oʻrgatilmoqda.