TDIU Qoraqalpogʻistonda turizm rivoji uchun turpaketlar va qoʻllanmalar ishlab chiqdi

    Turizm 21 Iyun 2023 1335

    Joriy yil 20-iyunda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti binosida universitet rektori hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirining birinchi oʻrinbosari oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi.

    Uchrashuvda Qoraqalpogʻistonda turizmni rivojlantirish boʻyicha turli masalalar muhokama etildi.

    Xususan, vazirning birinchi oʻrinbosari joriy yil iyun oyi boshlarida TDIU tomonidan Ellikqalʼada oʻtkazilgan “Sahro sadosi” festivali tumanga koʻpgina mahalliy turistlar oqimiga sabab boʻlganini eʼtirof etdi.

    Shu sababli kelgusida Xoʻjayli va Taxtakoʻpir tumanlari, qolaversa, Nukus shahrida ham shu kabi yirik festivallarni oʻtkazish taklifi bildirildi.

    Uchrashuv yakunida TDIU mutaxassislari tomonidan Qoraqalpogʻistonga turistlarni jalb etish maqsadida ishlab chiqilgan turli xil turpaketlar va tarqatma materiallar Qoraqalpogʻiston Respublikasi vakillariga taqdim etildi, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.