Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining kimyo va biologiya bakalavriat hamda magistratura mutaxassisliklari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazuvchi eng nufuzli tashkilotlardan biri — ASIIN xalqaro agentligi tomonidan akkreditatsiya jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tdi. 

Respublikamizdagi barcha pedagog kadr tayyorlaydigan oliygohlar uchun Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti o‘quv dasturlarini tayyorlashda yetakchi universitet etib belgilandi edi. Oliygoh zimmasiga yuklatilgan vazifalar qatorida 2025-yilgacha vakolatli xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda ta’lim dasturlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish vazifasi belgilangan. Universitet ilmiy-pedagogik jamoasi bu vazifa mas’uliyatini chuqur his etgan holda barcha imkoniyatlarni ta’lim sifati va samaradorligiga yo‘naltirdi.

— Universitetda ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishni bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilandi va nufuzli xalqaro akkreditatsiya agentliklari bilan muzokaralar olib borildi, — deydi TDPU rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev. — Dastlab universitetning kimyo va biologiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (kimyo va biologiya) magistratura mutaxassisliklari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilishi rejalashtirildi. Eng avvalo, mazkur ta’lim yo‘nalishlari talabalari o‘qiydigan bino zamon talablari darajasida to‘liq kapital ta’mirlandi. Kimyo va biologiya ta’lim yo‘nalishlarining xususiyatidan kelib chiqib, Islom taraqqiyoti banki homiyligida qariyb 2,5 mlrd. so‘mlik zamonaviy o‘quv laboratoriyalari xarid qilindi va o‘quv jarayoniga tatbiq etildi.

Ta’kidlash joiz, mazkur jarayonda ta’lim dasturlari mazmunan qayta ko‘rib chiqilib, o‘quv rejalar ilm-fan yutuqlarini aks ettiruvchi amaliy fe’l-atvorga ega fanlar bilan boyitildi. 

— Xalqaro tashkilot tomonidan universitetning 4 ta ta’lim dasturlari: Kimyo va Biologiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (kimyo va biologiya) magistratura mutaxassisliklari xalqaro standartlar talablariga javob berishi e’tirof etildi va xalqaro akkreditatsiya sertifikati taqdim qilish qarori qabul qilindi. Taqdim qilingan audit hisobotida universitetda ta’lim jarayoni ilmiy faoliyat bilan uyg‘unlashganligi, ta’lim oluvchilar moddiy-texnik baza va laboratoriya imkoniyatlari bilan yetarlicha qamrab olinganligi, ta’lim olish uchun qulay sharoitlar yaratilganligi, sohaning yetuk mutaxassislari o‘quv jarayoniga jalb etilganligi alohida qayd qilingan, — deydi TDPU dekani Qalandar Safarov.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, universitet respublikamizda ASIIN agentligi tomonidan xalqaro akkreditatsiya sertifikati berilgan 3 ta oliygohlardan biriga aylandi. Erishilgan ushbu yutuq ta’lim dasturlarining xalqaro darajada tan olinishi, universitetning xalqaro maydondagi nufuzi ortishida muhim ahamiyatga ega.

Feruza JO‘RAYEVA,

yuz.uz muxbiri

Hakimjon YO‘LDOSHEV olgan suratlar