TDT davlatlari mintaqada eTIR tartibotini joriy etish boʻyicha qoʻshma bayonot qabul qildi

    2025-yil 6–8-sentyabr kunlari Qozogʻistonning Turkiston shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar bojxona xizmati rahbarlarining XI uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasi raisi Akmal Mavlonov ishtirok etdi.

    Tadbirda vakolatli iqtisodiy operatorlarni oʻzaro tan olish, milliy tizimlarni integratsiya qilish, “Yagona darcha” va “Yagona bekat” tizimlarini joriy etish, shuningdek tranzit tashuvlarida elektron plombalar va kuzatuv texnologiyalaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

    Asosiy eʼtibor 2022-yilda Samarqandda imzolangan “Soddalashtirilgan bojxona yoʻlagi toʻgʻrisida”gi bitim ijrosiga qaratildi. Oʻzbekiston tomoni mazkur bitim boʻyicha texnik ishlar joriy yil oktyabriga qadar yakunlanishi zarurligini taʼkidladi.

    Shuningdek, yigʻilishda TDT hududida eTIR elektron tartibotini joriy etish masalasi koʻrib chiqildi. Ayni paytda mazkur tizim 80 ga yaqin davlatlarda qoʻllanmoqda. eTIR qogʻozdagi XYT kitobchasidan voz kechish, xarajatlarni kamaytirish va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini soddalashtirish imkonini beradi.

    Uchrashuv yakunida TDT davlatlari mintaqada eTIR tartibotini joriy etish boʻyicha qoʻshma bayonot, shuningdek, xavflarni boshqarish va bojxona laboratoriyalari sohasida hamkorlik toʻgʻrisida anglashuv memorandumlari imzolandi.