TDTU Olmaliq filiali Frayberg Konchilik Akademiyasi bilan hamkorlik qiladi

    Germaniyaning Frayberg Konchilik Akademiyasi Choʻyan va poʻlat texnologiyalari instituti direktori Olena Volkova boshchiligidagi delegatsiya TDTU Olmaliq filialida boʻldi.

    Tashrif doirasida sanoatning metallurgiya sohasi va oliy taʼlim tizimi vakillari bilan muloqot oʻtkazilib, unda mahalliy mutaxassislarning Germaniyada qisqa va uzoq muddatli malaka oshirishi, stajirovka, magistratura hamda doktoranturada oʻqishlarini tashkil etish yuzasidan muhokamalar olib borildi.

    Shuningdek, metallurgiya, quymachilik, materialshunoslik va texnogen chiqindilarni qayta ishlash yoʻnalishlaridagi sanoat muammolari boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.

    Maʼlumot uchun, Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi (Technische Universitat Bergakademie Freiberg) 1765-yilda Frayberg konchilik oliy oʻquv yurti sifatida tashkil etilgan boʻlib, 1993-yilda Frayberg Konchilik Akademiyasi nomi bilan oʻzgartirilgan. U konchilik taʼlim sohasida dunyodagi eng koʻhna taʼlim muassasalaridan biri sanaladi.

    Ushbu Universitetning faoliyati yangi konlarni geologik-qidiruvi, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlashning ekologik toza texnologiyalaridan tortib muqobil energiya texnologiyalarini ishlab chiqish, xom-ashyo hamda kon chiqindilarini utilizatsiya qilish, qayta ishlatish va yangi turdagi mahsulotlarni yaratishgacha boʻlgan toʻliq texnologik jarayonni qamrab olgan.

    Universitet ilmiy-tadqiqot boʻyicha Germaniyadagi oʻnta yirik universitetlaridan biri hisoblanadi.

    U Yevropada oʻzining ilmiy va oʻquv koniga ega boʻlgan yagona universitetdir.

    Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi 74 davlatning 274 taʼlim muassasasi bilan hamkorlik qiladi.

    Filial Axborot xizmati