TDTUning Olmaliq filiali: minglab talabalarni oʻz bagʻrida jamlagan maskan

    Shu yilning 9-iyul kuni TDTU Olmaliq filialida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan "Oliy taʼlim islohotlari samarasi" mavzusida press-tur tashkil etildi.

    Unda universitet Olmaliq filialining professor oʻqituvchilari, talabalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etib oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va universitet faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

    Press-turda universitet Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyundagi PP № 3153-son “Toshkent viloyatida sanoat-ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil topilganligi haqida maʼlumot berildi. Shuningdek universitet 2 ta fakultet, 800 nafar talaba, 79 nafar professor-oʻqituvchi bilan oʻz faoliyatini boshlagani bugungi kunda koʻplab yutuqlarga erishgani taʼkidlandi.

    — Bugungi kunda Universitet Olmaliq filialida 3 ta fakultet mavjud boʻlib, 6 ming nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda, — deydi Universitet Olmaliq filiali direktori, texnika fanlari doktori, professor Alisher SAMADOV. — Shuningdek filialda jami – 179 nafar professor-oʻqituvchilar jumladan, 73 nafari (shundan, 7 nafari fan doktori, DSc, 66 nafari fan nomzodi, PhD) ilmiy darajaga ega, ilmiy salohiyat 41,0% ni tashkil etadi.

    Universitetda yaratilgan sharoitlarni koʻrib qaytadan talaba boʻlib qolgingiz keladi. Oʻquv binolaridagi sharoitlarni aytmaysizmi ilm olish istagida boʻlgan har qanday insonni oʻziga chorlaydi.

    Press-tur yakunida universitetda 2024-2025 oʻquv yili uchun konchilik ishi (faoliyat turlari boʻyicha), konchilik elektr mexanikasi, kimyo muhandisligi, metallurgiya muhandisligi, metallar texnologiyalari, texnologik mashinalar va jihozlar, mexanika muhandisligi, elektr muhandisligi, energetika muhandisligi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha talabalar qabul qilinishi taʼkidlab oʻtildi.