O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, xususan, oliy ta’limda ilmiy-akademik hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish va professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida tashkil etilgan mashg‘ulotlarni Huquq ustuvorligi markazi direktori Tuya Braks, Xelsinki universiteti professori, yuridik fanlar doktori, professor Sakari Melander olib bordi.
Treninglarda nafaqat O‘zbekiston, balki Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Qozog‘iston oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi. Tadbirlarda huquqning turli sohalarida uchrayotgan muammo va kamchiliklar, ularning yechimlari, bu boradagi xalqaro tajriba va zamonaviy tendensiyalar muhokama qilindi.
Xususan, “Huquq ustuvorligini ta’minlashda Finlandiya tajribasi” mavzusidagi seminarda oliy ta’lim tashkilotlarining akademik erkinligining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, ilmiy ijod erkinligining kafolatlari, qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqining konstitutsiyaviy asoslari bo‘yicha fikr almashildi.
“Jinoyat ishlarini yuritishda xalqaro hamkorlik” mavzusidagi seminarda jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish masalalari, jumladan, xalqaro huquq asoslari bo‘yicha ekstraditsiya jarayonlari, milliy qonunchilik va xalqaro shartnomalar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish hamda inson huquqlari kafolatlari masalalari muhokama etiladi. Shuningdek, jinoyat ishlarini yuritishda o‘zaro huquqiy yordam yo‘nalishi bo‘yicha dalillarni yig‘ish va almashish mexanizmlari, guvohlarni so‘roq qilishning xalqaro usullari hamda moliyaviy tergov sohasida hamkorlik masalalari chuqur tahlil qilindi. Bunda transmilliy jinoyatchilik bilan kurash, xususan, uyushgan jinoyatchilik guruhlariga qarshi kurash, narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar hamda kiberjinoyatchilik va raqamli dalillar masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, loyiha doirasida “Jinoyat huquqi va yuridik ta’lim: raqamli transformatsiya, yangi chaqiriqlar va global hamkorlik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilib, unda Finlandiyaning Xelsinki universiteti professori, yuridik fanlar doktori, professor Sakari Melander “Sun’iy intellekt va jinoyat huquqi: yangi muammolar va imkoniyatlar” mavzusida ma’ruza qildi. Ma'ruza davomida jinoyatlarni prognozlash, huquqni muhofaza qilish faoliyatida jinoyat xaritalarini tuzish, jinoyatchilikni bashorat qilish, mahkumlarning qayta jinoyat sodir etish ehtimolini aniqlash hamda sud jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash masalalari muhokama qilinib, Finlandiya jinoyat huquqida sun’iy intellektning o‘rni xususida so‘z yuritildi. Shu bilan birga, anjuman davomida ultima ratio prinsipi, uning mohiyati, kelib chiqish tarixi, konstitutsiyaviy prinsip sifatidagi o‘rni va amaliyotdagi qo‘llanilishi yuzasidan ilmiy muhokama o‘tkazildi hamda Finlandiyada jinoyatni kriminalizatsiya qilish prinsiplari ham ko‘rib chiqildi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur xalqaro hamkorlik va tashkil etilgan seminar-treninglar O‘zbekiston yuridik ta’limi va huquqiy tizimining global miqyosdagi nufuzini mustahkamlash, xalqaro standartlarga mos qonunchilik bazasini rivojlantirish hamda ilmiy salohiyatni oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Javlon VAFOYEV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi