TDYUU bitiruvchilari Buyuk Britaniyaning Qirolicha Mariya universitetida imtiyozli ravishda taʼlim oladi

    Ta'lim 14 Oktabr 2020 1903

    Toshkent davlat yuridik universiteti va Londonning Qirolicha Mariya universiteti oʻrtasida anglashuv va qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha kelishuv memorandumlari imzolandi, deya xabar berdi Toshkent davlat yuridik universiteti Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi.

    Shu munosabat bilan onlayn tarzda oʻtkazilgan marosimda Oʻzbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Said Rustamov, Qirolicha Mariya universiteti Xalqaro ishlar boʻyicha prorektori Kolin Grant, muassasaning Xalqaro ishlar boʻyicha dekani Ioannis Kokoris, TDYUU rahbariyati va professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.

    Tadbirda mazkur anglashuv va kelishuv memorandumlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida soʻz yuritildi.

    Qayd etilganidek, mazkur hujjatlarga muvofiq, 4+1 bakalavriat va 1+1 magistratura qoʻshma taʼlim dasturlari joriy qilinadi. Kelgusida TDYUU bitiruvchilari Qirolicha Mariya universitetida “yurisprudensiya” sohasidagi 28 magistratura mutaxassisliklari boʻyicha imtiyozli ravishda oʻqishni davom ettirishi mumkin.

    Memorandumlar ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash, birgalikda turli loyiha va ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish, yuridik sohada mutaxassislar tayyorlash sifati va ularning raqobatbardoshligini oshirish hamda yuridik taʼlim va fanni xalqaro darajaga olib chiqish orqali mamlakatlararo munosabatlarni mustahkamlash uchun muhim asos boʻlib xizmat qiladi.

    Shuningdek, ushbu hamkorlik natijasida ilmiy ishlar sifati va samaradorligini oshirish, oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yaratish, professor-oʻqituvchilar va xodimlar uchun malaka oshirish va stajirovka dasturlarida ishtirok etishi, talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

    Onlayn uchrashuvda mavzuga doir boshqa masalalar ham muhokama qilinib, Toshkent davlat yuridik universitetining xalqaro reytinglarga kirishi borasida qilinishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar xususida fikr almashildi.

    Maʼlumot uchun, Londonning Qirolicha Mariya universiteti 1785-yilda tashkil etilgan boʻlib, u Britaniya Hamdoʻstlik Universitetlari assotsiatsiyasi hamda “Russell Group” tadqiqot universitetlari guruhiga kiradi.

    Shuningdek, ushbu taʼlim muassasasi Londondagi ilmiy tadqiqotlar amalga oshirish boʻyicha eng yirik markazlardan biri boʻlib, bu omil universitetga har yili turli grantlar va moliyalashtiruvchi mablagʻlarga ega boʻlish imkonini beradi.

    Ayni paytda Qirolicha Mariya universiteti QS World University Rankings reytingida dunyoning TOP-1000 universitetlar ichida 126-oʻrinni hamda fanlar boʻyicha QS WUR By Subject Ranking reytingida 11-oʻrinni, talabalar bandligini taʼminlash boʻyicha Graduate Employability Rangking reytingida nufuzli oʻrinlarni egallab turibdi.