Shu munosabat bilan ZOOM platformasi orqali oʻtkazilgan marosimda TDYUU rektori Rahimjon Xakimov, Rossiyaning Xalqlar doʻstligi universiteti rektori Oleg Yastrebov va oliy taʼlim muassasalarning maʼsul xodimlari ishtirok etdi.
Marosimda qayd etilganidek, universitetlar oʻrtasida ilmiy va madaniy hamkorlikni yana-da mustahkamlash va qoʻllab-quvvatlash maqsadida imzolangan mazkur hujjatlar mamlakatimizda yuridik taʼlim va fanni rivojlantirish yoʻlidagi navbatdagi muhim qadamdir.
Taʼkidlash joiz, yuqorida imzolangan hujjatlarga koʻra endilikda ikki universitet oʻrtasida talabalar va oʻqituvchilar uchun akademik almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻyish, bakalavriyat, magistratura va doktorantura darajasida qoʻshma taʼlim dasturlari va turli ilmiy loyihalarni amalga oshirish, tomonlarning xalqaro aloqalarini kengaytirishga koʻmaklashish, xalqaro grantlar, konferensiya va tanlovlarda birgalikda ishtirok etish hamda ilmiy maqola va adabiyotlarni hamkorlikda chop etish rejalashtirilgan.
Jumladan, “Ishchi dastur”ga koʻra, bundan buyon universitetlar oʻrtasida har yili 5 nafargacha professor-oʻqituvchi va shuncha talaba hamda 1 nafar aspirant/doktorant almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib boriladi, ilmiy adabiyotlar almashish loyihalari hamda ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etiladi, taʼlim sifatini oshirish maqsadida universitet mutaxassislarining xizmat safarlari amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida universitetlar oʻrtasida bakalavr va magistratura darajasida ikki diplom taqdim etuvchi qoʻshma dasturlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Maʼlumot uchun, Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti 1960-yil 5-fevralda tashkil etilgan boʻlib, ayni paytda universitetida 472 ta taʼlim dasturi boʻyicha 33 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Universitet “QS Stars” xalqaro reytingining maksimal “5 yulduz” nomiga loyiq koʻrilgan.
Shuningdek, taʼlim muassasasi “UI GreenMetric World University Ranking” reytingida dunyo universitetlari oʻrtasida 38-oʻrinni egallaydi.
Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti QS World University Rankings reytingida dunyoning TOP-1000 universitetlar ichida 326-oʻrinni hamda yuridik fanlar reytingi boʻyicha 200-oʻrinni egallab turibdi.
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi








