TDYUU talabalari 27 xalqaro tanlovda ishtirok etadi

    Dolzarb 15 Aprel 2021 1712

    Toshkent davlat yuridik universiteti rektorining “Toshkent davlat yuridik universiteti talabalarining xalqaro tanlovlardagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlash va yana-da kengaytirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi imzolandi.

    Universitetnining xalqaro taʼlim maydonidagi raqobatbardoshligini va yuridik kadrlar sifatini oshirish hamda talabalarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan mazkur hujjat bilan TDYUU talabalarining ishtiroki taʼminlanadigan 27 ta xalqaro tanlovlar roʻyxati hamda bu boradagi maqsadli koʻrsatkichlar tasdiqlandi.

    Endilikda, har bir xalqaro tanlovga talabalar jamoasini tayyorlash uchun tegishli kafedralardan ikki nafar professor-oʻqituvchi biriktiriladi.

    Jamoalar tarkibini kengaytirish va ularga yangi aʼzolarni jalb etish maqsadida taʼtillar paytida “Yozgi va qishki maktablar” hamda oʻquv yili boshida xalqaro tanlovlar haqida taqdimotlar oʻtkaziladi.

    Hujjat bilan tasdiqlangan 27 ta xalqaro tanlovda faol ishtirok etgan talabalar, ularni tayyorlagan xodimlar munosib ragʻbatlantiriladi.

    Shuningdek, universitetda tizimli ravishda mazkur xalqaro tanlovlarning milliy variantlari ham tashkil etiladi.

    Kelgusida universitet talabalarining xalqaro tanlovlardagi ishtiroki, xususan, tayyorgarlik jarayonlari ommaviy axborot vositalari orqali yoritib boriladi.