Shu munosabat bilan ZOOM platformasi orqali oʻtkazilgan marosimda TDYUU rektori Rahimjon Xakimov, “Grotius Chambers” xalqaro yuridik va konsalting firmasining hamkor direktorlari Tomas Jon va Marin Veysyer hamda universitetning maʼsul hodimlari ishtirok etdi.
Marosimda taʼkidlanganidek, memorandumga koʻra yuridik va biznes konsalting xizmatlari koʻrsatishni xalqaro darajada olib chiqish, yuridik klinika faoliyatini takomillashtirish va TDYUU qoshida mediatsiya markazini tashkil etish, qoʻshma biznes-mediatsiya va nizolarni muqobil hal qilish boʻyicha vositachilik xizmatlarini koʻrsatish, yangi innovatsion yechimlar ishlab chiqish boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, “Grotius Chambers” bilan hamkorlikda TDYUU talabalari va yosh mutaxassislar uchun halqaro huquq boʻyicha oʻquv va taʼlim dasturlari tashkil etiladi.
TDYUU talaba va professor-oʻqituvchilarining “Grotius Chambers” tomonidan taqdim etiladigan oʻquv seminarlar, stajirovkalar va boshqa kurslarda qatnashishini taʼminlash bilan birga hamkorlikda qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazib, natijalarni nashr etishi uchun maxsus tarmoq yaratiladi.
2021-yildan TDYUU talabalari uchun “Xalqaro yuridik konsalting firmasini ochish” tartibini oʻrgatuvchi maxsus kurs ochilib, unda mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun “Grotius Chambers”ning malakali advokatlari jalb etiladi.
Bundan tashqari, Rro bono yoʻnalishida va mediatsiya markaz yaratish boʻyicha ham “Grotius Chambers” tomonidan Yevropa ittifoqi universitetlari va ularning yuridik klinikalari bilan TDYUU oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Marosimda memorandum doirasidagi vazifalarni amalga oshirish boʻyicha kelgusidagi rejalar ham belgilab olindi.
Maʼlumot uchun, “Grotius Chambers” xalqaro yuridik va konsalting firmasi 2019-yilda tashkil etilgan boʻlib, Niderlandiyaning Gaaga shahridagi Savdo-sanoat palatasida roʻyxatdan oʻtgan. Yuridik firmaning asosiy faoliyati hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, nodavlat tashkilotlar va xususiy tadbirkorlarga yuqori sifatli transchegaraviy huquqiy, siyosiy va advokatlik xizmatlarini taqdim etish, shuningdek xalqaro darajadagi odil sudlovga samarali kirishga koʻmak berishdan iborat.
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi