Toshkent davlat yuridik universiteti tashabbusi bilan Xalqaro tijorat arbitraji bo‘yicha Villem Vis nomidagi xalqaro tanlov (“Annual Willem C. International Commercial Arbitration Moot”)ning milliy raundi (Tashkent Pre-Moot) o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tanlovda TDYU, Toshkent shahridagi Vestminster xalqaro universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan Tashkent Pre-Moot doirasidagi namunaviy arbitraj prosessida ishtirokchilar 6 guruhga bo‘linib, bilimini sinovdan o‘tkazdi.

Qizg‘in bahs-munozaralarga boy o‘tgan bellashuvda mamlakatimizdagi qator nufuzli advokatlik firmalari vakillari va xalqaro ekspertlar bahosiga ko‘ra, Toshkent davlat yuridik universitetining “TSUL VIS MOOT” jamoasi eng yuqori natijani qayd etdi. Endi jamoa 27-martdan 1-aprelgacha bo‘lib o‘tadigan “28th Annual Willem C. International Commercial Arbitration Moot” tanlovining xalqaro bosqichida mamlakatimiz sharafini himoya qiladi. Ular AQSH, Eron, Rossiya Federatsiyasi, Vengriyaning nufuzli universitetlari jamoalari bilan bellashadi.

Bellashuvlar davomida mutasaddilar tomonidan Villem Vis nomidagi xalqaro tanlov shartlari va talablari, xalqaro tijorat arbitrajdagi yangiliklar xususida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, Xalqaro tijorat arbitraji bo‘yicha  Villem Vis nomidagi xalqaro tanlov jaҳon miqyosida tijorat arbitraji yo‘nalishidagi eng nufuzli tanlov hisoblanadi. Tanlov an’anaviy tarzda har yili Avstriyaning Vena shahrida o‘tkaziladi. Unda dunyoning 80 dan ortiq mamlakatidan 380 dan ziyod jamoa o‘zaro bellashadi. TDYU talabalarining “TSUL VIS MOOT” jamoasi ham 2018-yildan beri mazkur tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Jamoa Germaniya, Avstriya, Vengriya, Turkiya, Braziliya, Xitoy, Yaponiya, Hindiston, AQSH, Rossiya FederaЕsiyasining mahoratli jamoalari bilan 40 dan ortiq tayyorgarlik eshituvini o‘tkazib, mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Tashkent Pre-Moot kabi tanlovlarning tashkil etilishi esa talabalarimizning bu boradagi harakatlarini yangi bosqichga olib chiqadi.

Toshkent davlat yuridik universiteti

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi