Oylik doirasida  Fargʻona viloyat sanʼat ustalari, teatr  ijodiy jamoalari  maktab va maktabgacha  taʼlim muassasalarida  taʼlim-tarbiya olayotgan yoshlar bilan  madaniy — maʼrifiy tadbirlar, ijodiy  uchrashuvlar oʻtkazib, sara sahna asarlarini  namoyish etmoqda.

–Maktabimiz oʻquvchi – yoshlari va  viloyat Rus drama teatri ijodiy jamoasi bilan boʻlib oʻtgan jonli muloqot, sahna tomoshalari  esda qolarli voqea va hodisalarga boy boʻldi,–deydi  Fargʻona shahridagi 15 –umumtaʼlim maktabi direktori  Muhayyo  Yusupova. –Bunday  muloqotlar avvalo  barkamol avlod taʼlim-tarbiyasi, tafakkur xazinasini boyitadi. Amaliy muloqotlar  yoshlarning teatr va sahna sanʼati va ijodiy ish jarayoni bilan  bogʻliq  tasavvurlarini boyitdi, dunyoqarashlarini  kengaytirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli.

– Viloyat qoʻgʻirchoq teatrining “Ochil dasturxon”  sahna asarini miriqib tomosha qildik, – deydi  Fargʻona shahridagi 7-umumtaʼlim maktabining 6 -sinf oʻquvchisi Shohzamon Abdurahmonov. – Hammamizga  tanish boʻlgan ertak qahramonlari bilan muloqot qilish, bir sahna, maqsad atrofida jam  boʻlish  boshqacha boʻlarkan. Oʻzimizni ertaklar olamida yurgandek his qildik. Taassurotlarimiz bir  olam. Sinf rahbarimiz bilan qoʻgʻirchoq teatriga tez-tez kelib, yangi sahna asarlarni  tomosha  qilishni maqsad qilib  oldik.

Qiziqarli savol-javoblar, amaliy muloqotlarga boy boʻlgan teatr oyligi doirasida viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan “Sehrli libos”, “Ufq”, “Oltin joʻja”, Margʻilon shahar musiqali maqom teatri  “Sehrli chimildiq yoxud yoshlikni qoʻmsab”, “Navoiy”, “Halima”, qoʻgʻirchoq teatrining  “Musiqali choyxona”, “Karvonsaroy”, “Ochil dasturxon” kabi sahna  asarlari  tomoshabinlarda   katta taassurot qoldirdi.

                                            Rasuljon Kamolov,

 “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.