Jizzax viloyati musiqali darama teatri jamoasi tomonidan viloyat Oila va xotin-qizlar, Ichki ishlar, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi bilan hamkorlikda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar uchun ikki haftalik bepul spektakllar namoyishining yoʻlga qoʻyilishi bayram oldidan chinakam maʼnaviy tuhfa boʻldi.

16-avgustdan 30-avgustga qadar davom etadigan bu ezgu tashabbusning yana bir muhim jihati, xotin-qizlar oʻrtasida ijtimoiy maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, ularning maʼnaviy-madaniy zavq olishiga oz boʻlsa-da, hissa qoʻshishda.

Loyihaning ilk kuni teatr jamoasi Paxtakor tumanida tomoshabinlarga “Tanho yulduz” spektaklini havola etdi.

— Spektakllar 12 ta tumandagi madaniyat markazlarida, shaharda esa teatr binosida namoyish etiladi, — deydi teatr rahbari Gʻulom Darxonov. — Avval ham mana shunday loyihani nuroniylar bilan, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi kasaba uyushmalari xodimlari bilan birga amalga oshirib, butun viloyat boʻylab spektakllar namoyish etgandik. Bu yilning hisobidan mazkur loyiha ikkinchi marta amalga oshirilyapti. Mablagʻlar tumanlardagi Oila va xotin-qizlar boʻlimlari tomonidan qoplab beriladi.

Namoyish etilishi moʻljallangan spektakllar qatorida teatr bosh rejissyori Shohruh Yoʻldoshev sahnalashtirgan Turob Toʻla asari — “Nodirabegim” spektakli alohida oʻrin tutadi.

— XVIII asr oxiri va XX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan oʻzbek mumtoz adabiyotining yetuk namoyandalaridan biri Nodirabegimning murakkab hayotiga bagʻishlangan mazkur asarda asosan Qoʻqon xonligi taxtiga oʻtirgan 14 yoshli Muhammad Alixon davri xususida soʻz boradi.

— Nodirabegim shoira boʻlish bilan birga, avvalo ona. Shuningdek, oʻzbek davlatchiligi boshqaruvida davlat arbobi sifatida gavdalanadi. Tomoshabinning oilaga, vatanga boʻlgan muhabbat tuygʻularini yanada junbushga keltiradi, — deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Abduraim Lapasov. — Bu spektaklda men Hojidargʻa obrazini ijro etdim. U vatanparvar, adolatli inson siymosida gavdalanadi. Asarda oʻtmishimizdagi erksizlik tufayli taxt talashlar qurboniga aylangan mazlum xalq va oʻzaro ishonchsizlik, xiyonat va razolatdan jabr koʻrgan buyuk shoiramizning iztiroblarga toʻla mashaqqatli hayoti tarixiy faktlar asosida badiiy ifoda etilgan.

Oʻgʻli yosh boʻlgani bois Nodirabegim mamlakatni boshqarishda  Muhammad Alixonning yonida turadi. Oʻz xalqining ozod va baxtiyor yashashini doimo orzu qilib yashagan shoira aynan mana shu davrda, yaʼni 1822 yildan to 1842-yilga qadar yurt tinchligi, obodligi yoʻlida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Saroydagi azaliy ziddiyatlarga qaramay adabiyotning yuksalishi yoʻlida, davlatchilikni ijtimoiy va iqtisodiy ravnaq toptirish yoʻlida qanchalik murakkab boʻlmasin, bir muncha muvaffaqiyalar qozonadi.

Mana shunday tarixiy siymolarimizning jasoratini koʻrganda har birimiz beixtiyor gʻururlanib ketamiz. Teatrga tez-tez kelib, tarixiy spektakllarni tomosha qilishimiz, shu orqali ajdodlarimiz haqida koʻproq bilishimiz kerakligini his qilamiz.

Oʻz taassurotlarini bayon qilgan Odina Hamroyeva “Mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan biz, ayollarga bunday eʼtibor berilib, teatrga bepul kirish imkoni yaratilganidan hursandmiz. Oʻzingiz bilasiz, qishloq ayoli uy yumushlaridan ortib, oʻzicha shahar markaziga spektakl koʻrish uchun borishga imkon topavermaydi. Lekin tumanimizning oʻzida qoʻyilayotgan spektaklni koʻrgani jon deb bordim. Tomoshadan keyin boshqa ayollarning ham yuzlarida quvonchni koʻrib koʻnglim yanada koʻtarildi. Buning uchun shu tashabbus boshida turganlarning hammasiga  rahmat aytamiz”, dedi oʻz mamnunligini izhor etib.

—Teatrni hayot oynasi deb bejiz taʼriflashmagan. Ularda ijro etilayotgan har bir asarda biz oʻz hayotimiz, turmushimizni, tariximizni koʻramiz. Tomoshabinlar bilan yuzma-yuz ijro etilgan sahna asarlari boshqa sanʼat asarlaridan koʻra butunlay boshqacha taʼsir koʻrsatadi. Spektakllarimizga kelgan odamlarning taassuroti, hayajoni, quvnoq yoki oʻychan holatga tushgani qaysidir maʼnoda xizmatlarimiz samarasini ifoda etadi. Bularning bari ularni fikrlashga, hayotga yanada teran nazar tashlashga undagani aniq, — deydi teatrning adabiy boʻlim mudiri Charos Mannonova.

Jizzaxlik xotin-qizlar uchun “Nodirabegim”, “Tanho yulduz” asarlaridan tashqari “Toʻylar muborak!”, “Bahodir”, “Boʻyoqchi” kabi spektakllar namoyishi koʻzda tutilgan.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri