Tadbirda hududdagi oʻz innovatsion, texnologik va ijtimoiy loyihalarini boshlagan, loyihalarini amalga oshirish arafasida turgan va yangi gʻoyalarni hayotga joriy etishga ishtiyoqi baland yoshlar vakillari ishtirok etdilar.

Loyihalar mualliflari oʻz ishlarini vazirga taqdim etarkanlar, ularning tayyor ishlanmalari, ijtimoiy ahamiyatga ega gʻoyalari amalda qoʻllanilayotganiga eʼtibor qaratildi. Ushbu ishlanmalardan biri “Navbat” elektron ilovasining beta-varianti boʻlib, uning yordamida har qanday tashkilot, muassasa va obyektlariga elektron navbat bilan yozilib kirish imkoniyati paydo boʻladi. Bu qulaylik aholining vaqtini tejash bilan bir muassasalar uchun qatorda tashrifchilarning statistikani yuritish, ish rejasini tuzishda yordam beradi.

“Quyosh bolalari” loyihasi esa imkoniyati cheklangan bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularni mehnatga oʻrgatish, ular uchun korreksion mashgʻulotlar olib borish, xususan, art-terapiya, musiqa-terapiya mashgʻulotlarini oʻtkazishga moʻljallangan. Quvonarlisi, mikro-grant va oʻz mablagʻlari hisobiga mazkur markazni ochib, hozirda bolajonlar uchun mashgʻulotlarni boshlab yuborishgan. Daun sindromi, autizm, nutqiy va ruhiy rivojlanishda ortda qolish, disleksiya, disgrafiya kabi kasalliklarga chalingan bolalar mazkur markazda qoʻshimcha taʼlim olishmoqda.

Innovatsion rivojlanish vaziri taqdimotlarni tinglab, ularni qoʻllab quvvatlash maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi va Yoshlar akademiyasi tomonidan tashkil etilgan “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonining navbatdagi mavsumini Qoraqalpogʻistonda oʻtkazish taklifini berdi. Mazkur marafonda ishtirok etgan loyihalar tajribali mutaxassislar tomonidan takomillashtiriladi, marafon gʻoliblarining loyihalari esa moliyalashtiriladi.