Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Transport-logistika masalalarini tezkor koʻrib chiqish boʻyicha idoralararo komissiya tarkibi tasdiqlandi.
2021-yil 31-dekabrgacha turoperatorlar, turagentlar va joylashtirish vositalariga nisbatan tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun jarimalar qoʻllash toʻxtatiladi.
Shuningdek, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining amaldagi oʻrinbosarlari soni doirasida ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha rais oʻrinbosari lavozimi joriy etildi.
2021/2022 oʻquv yilidan “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Buxoro va Termiz davlat universitetlarida “ziyorat turizmi”, “transport logistikasi” va “ijodiy sanoat” (creative industry) magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
2021-yil 1-avgustgacha qadimiy ipak qogʻozi xomashyo zaxirasini shakllantirish manbai sifatida Imom Buxoriy majmuasi atrofidagi 64 gektar yer maydonida tut plantatsiyasi va Samarqand ipak qogʻozini ishlab chiqarish boʻyicha “Ipakchilik shaharchasi” turistik majmuasi tashkil etiladi.