Tekstil mahsulotlarimiz Saudiya Arabistoniga eksport qilinadi

    Biznes 21 Yanvar 2022 2855

    Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Saudiya Arabistoniga eksportini oshirish masalalari muhokama qilindi.

    Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Ulugʻbek Maqsudov “Istiqlol Tekstil Dizayn LLC” kompaniyasi asoschisi Baxtiyor Umarov bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonning “Ideal” brendi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Saudiya Arabistoni bozoriga eksportini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

    Saudiya Arabistonida toʻqimachilik, xususan kiyim-kechak mahsulotlariga talab oshib borayotgani taʼkidlandi. Oʻz navbatida, Saudiya bozorlarida “Istiqlol Tekstil Dizayn LLC” kompaniyasi mahsulotlarining sifat va narx jihatdan raqobatbardoshligi qayd etildi.

    Muloqot chogʻida Saudiya Arabistoni bozoriga kiyim-kechak va poyafzal mahsulotlarini yetkazib berish, Ar-Riyod, Jidda va Madina shaharlarida maxsus savdo nuqtalarini, shuningdek, mavjud “online” tizimlari orqali “Ideal” brendi mahsulotlari savdosini tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Uchrashuv yakunida “Istiqlol Tekstil Dizayn LLC” kompaniyasi vakillarining Saudiya Arabistoniga amaliy safarini tashkil etish boʻyicha kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.