“Telegram” nomaʼlum kontaktlar haqida maʼlumotlarni koʻrsata boshlaydi. Bu haqda “Kod Durova” nashri xabar berdi. Qayd etilishicha, funksiya hozirda messenjerning Android uchun beta-versiyada sinovdan oʻtkazilmoqda.

Bundan oldin Pavel Durov ushbu yangilikni oʻz kanalida eʼlon qilgan edi. Durovning soʻzlariga koʻra, bunday yangilik odamlarga firibgarlardan himoyalanishga yordam berishi kerak.

Ilova quyidagi maʼlumotlarni foydalanuvchiga taqdim etadi:

  • suhbatdoshning telefon raqami qaysi mamlakatga tegishli ekanligi;
  • uning akkaunti qaysi oy va yilda roʻyxatdan oʻtkazilganligi;
  • umumiy guruhlar soni;
  • akkaunt “Telegram”ning rasmiy akkaunti hisoblanadimi yoki yoʻqligi.

Yangiliklar hozircha sinov bosqichida, biroq tez orada “Telegram”ning yangi versiyasida mavjud boʻladi, deyiladi xabarda.