Telegram orqali oʻzganing pullarini oʻzlashtirib olgan firibgar ushlandi

    Namangan viloyatida yashovchi ayolning bank kartasidan 5.640.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan oʻzlashtirilgani boʻyicha IIOga murojaat kelib tushgan.

    Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, murojaatga asosan tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Surxondaryo viloyatida yashovchi O.X. sodir etganligi aniqlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, gumonlanuvchi sifatida tergov harakatlariga jalb etilgan, O.X., jabrlanuvchi ayol R.N.ga Telegram messenjeridagi kanal orqali yozib, u “Damas” avtomashinasini yutib olganligini maʼlum qilib, xarajatlar uchun deb uni aldab, jami 5.640.000 soʻm miqdoridagi pullarni oʻzining foydalanuvida boʻlgan bank kartasiga oʻtkazib olgan va yozishmalarni oʻchirib yuborib, uning qoʻngʻiroqlariga javob bermay, qora roʻyxatga kirgizib qoʻygan.

    Hozirda holat yuzasidan X.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.