Soʻnggi yillarda onlayn xarid va elektron toʻlovlar hayotimizda muhim oʻrin egallayotgani, ayni paytda ayrim shaxslar tomonidan bu imkoniyatlar suiisteʼmol qilinayotgani kuzatilmoqda. Ayniqsa, bayramlar arafasida arzon narxlar va katta chegirmalarni bahona qilgan holda, hatto davlat idoralari nomidan chiqish orqali fuqarolarni aldash holatlari koʻpaygan.

Ana shunday holatlardan biri navbatdagi tezkor-qidiruv tadbirida aniqlandi. Telegram va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi nomi bilan soxta kanal va guruhlar ochib, pul mablagʻlarini oʻzlashtirib kelgan jinoiy guruhning faoliyatiga chek qoʻyildi.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Andijon viloyatida yashovchi 22–25 yosh oraligʻidagi besh nafar shaxs joriy yil boshida oldindan rejalashtirilgan holda jinoiy harakatlarni amalga oshirgan. Ular “Musodara tovarlar” va “Optom sklad” kabi nomlar ostida kanal va guruhlar tashkil etib, oʻzlarini bojxona tizimi xodimlari sifatida tanishtirgan oʻnga yaqin soxta akkauntdan foydalangan.

Firibgarlar maishiy texnika, mebellar, gadjetlar, jumladan iPhoneʼning soʻnggi modellari hamda kiyim-kechaklarni juda arzon narxlarda taklif qilgan. Hatto aslida mavjud boʻlmagan motoskuterlarni yetkazib berishni vaʼda qilgan. Pul mablagʻlari esa boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari orqali qabul qilingan.

Tekshiruvlar davomida jinoiy guruh 60 nafar fuqaroni aldab, jami 117 million soʻm mablagʻni oʻzlashtirgani aniqlandi. Tovarni talab qilgan yoki qayta aloqa oʻrnatishga uringan jabrlanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda “qora roʻyxat”ga kiritilib, eʼtiborsiz qoldirilgan.

Mazkur holat yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda va yetkazilgan moddiy zararni qoplash choralari koʻrilyapti.