Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda va Telegram messenjerida tashkil qilingan guruh va kanallarda bukmekerlik xizmatlarini reklama qilish holatlari koʻplab uchramoqda, deb yozadi Raqobat qoʻmitasi axborot xizmati.
Bunda, bukmekerlik xizmatlarini targʻib qiluvchi shaxslar axborot texnologiyalaridan keng foydalanib, oʻzining shaxsini yashirib yoki boshqa nom bilan ushbu harakatlarni sodir etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 46-moddasiga koʻra, qimor oʻyinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor oʻyinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni reklama qilish taqiqlanadi.
«Biroq bu kabi holatlar oʻrganilganda, bukmekerlik xizmatlarini targʻib qilayotgan elektron resurslar subyektlarini, masʼul shaxslarini, Telegram kanal egasini va boshqa maʼlumotlarni aniqlash imkonsiz boʻlmoqda.
Axborot resurslarini yurituvchi shaxslarga vakolat doirasida aniqlik kiritish hamda tegishli choralar koʻrish yuzasidan maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markaziga taqdim etiladi« — deyiladi xabarda.