Telemeditsina sogʻliqni saqlash tizimini ajralmas qismiga aylandi

    Salomatlik 14 Dekabr 2021 1730

    Respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari oʻrtasida Telemeditsina sohasini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishlar boshlab yuborildi.

    Mazkur yoʻnalish Sirdaryo viloyat Sogʻliqni saqlash tizimida raqamlashtirish, masofaviy xizmatlarni yoʻlga qoʻyish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga oʻtkazish kabi dolzarb va kechiktirib boʻlmaydigan amaliyotlar sirasidan oʻrin oldi. Bu esa kasalliklarni diagnostika qilish va davolash, koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshishida qoʻl kelyapti.

    — Raqamlashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, kodlash va tasniflash, elektron poliklinika va Telemeditsina xizmatlari bois kasallikka chalingan bemorlarni davolash, tashxislashda yaxshi yutuqlarni qoʻlga kiritdik, — deydi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Akrom Azizqulov. — Birgina, joriy yilning 9 oyi davomida Telemeditsina xizmati bois 370 dan ortiq bemorni sogʻligʻini tiklashga, umr koʻrish davomiyligini uzaytirishga erishdik. Ularga telemeditsina xizmati orqali respublikamizdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarning malakali mutaxassislari real vaqt oraligʻida koʻrsatgan onlayn xizmati orqali ham vaqt tejaldi, ham mablagʻ.

    Bundan tashqari viloyatda sogʻliqni saqlash tizimini ajralmas qismi davolash-profilaktik muassasalarda raqamlashtirish va “elektron tibbiy karta” tizimini joriy etish borasida ham tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi. “Oʻztelekom” AK yordami bilan “GPON” texnologiyasi asosida jami 74 kilometr 320 metr masofali optik tolali tarmoq 138 ta tibbiyot muassasasiga tortildi. Bu tez tibbiy yordam, ambulator poliklinika hamda viloyat shifoxonalari oʻrtasida dasturiy integratsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish imkonini berdi.

    Qolaversa, oʻtayotgan yilda Sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimidagi davlat tibbiyot muassasalariga mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 489 million 384 ming soʻmlik 402 dona kompyuterlar keltirildi va barcha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida “Elektron poliklinika” tizimi joriy etildi.

    Viloyat ruhiy-asab kasalliklar dispanseri, narkologiya dispanseri hisobida turganlik va nogironlik toʻgʻrisidagi (TMEK) maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimi orqali olish imkoni yaratildi.

    Shuningdek, “Elektron poliklinika” va “Emlash.uz” tizimlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga, “Tugʻilish va oʻlim holatlarini elektron roʻyxatga olish” Adliya vazirligining “FHDYO” axborot tizimiga hamda “coronavirus-test.uz” tizimi “COVID-19siz sayohat” elektron platformasiga integratsiya qilindi.

    Muhimi, Sirdaryoda kasalliklarni aniqlash va davolashda innovatsion texnologiyalar imkoniyatidan keng foydalanilyapti. Olis hududlarda yashovchi fuqarolarimizni sogʻliqlarini nazorat qilish va tiklashda ham bu tizim nihoyatda qoʻl kelmoqda.

    Gʻulom Primov,

    Sirdaryo viloyat

    Sogʻliqni saqlash boshqarmasi

    matbuot xizmati xodimi.