Bugungi globallashuv jarayonida O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan aholiga yanada qulayliklar yaratish va tizimga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, teletomoshabinlar uchun o'zlari xohlagan vaqtda va makonda sevimli teledasturlarini jonli ravishda yoki takroran tomosha qilishi uchun sharoitlar yaratish, ayniqsa, xorijdagi vatandoshlarimizni mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar va o'zgarishlar haqida tezkor xabardor qilib borish maqsadida UZTV platformasi ishga tushirildi. 

Bundan buyon internetdagi www.uztv.tv manzilidagi OTT platformasi orqali O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining "O‘zbekiston", "O‘zbekiston-24", "Yoshlar", "Navo", "Bolajon", "Toshkent", "Sport", "Oilaviy", "Madaniyat va ma‘rifat", "Dunyo bo‘ylab", "Kinoteatr", "Mahalla" va "O‘zbekiston tarixi" singari 13 ta telekanalini to'g'ridan-to'g'ri yoki takroran tomosha qilish imkoniyati paydo bo'ldi.

Eslatib o'tamiz, televidenieni mobil internet orqali ko'rish imkonini beruvchi mazkur platforma 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar, jumladan, respublikamizda qulay AKT infratuzilmasini yaratish, dasturiy ta'minotni ishlab chiqishni qo'llab-quvvatlash va har tomonlama ko'mak berish, "elektron hukumat" tizimini takomillashtirish, mobil va raqamli televidenieni rivojlantirishga doir belgilangan vazifalar ijrosidan kelib chiqib joriy etildi.