— Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi orasida tugʻma son chiqishi holatlari koʻp uchraydi, — deydi ushbu tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori oʻrinbosari Maʼruf Qodirov. — Oʻz vaqtida davolanmasa, yillar oʻtib, asoratini qoldiradi, hatto nogironlikka olib keladi. Shuningdek, turli yillarda jarohat olib, oʻz vaqtida toʻgʻri davolanmaslik va oqibatda boʻgʻimlar yemirilishi holati ham harakatda nuqsonlar keltirib chiqaradi. Ushbu jarrohlik amaliyotlari, mana bir necha yildirki, markaz shifokorlari tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, filialimizda yiliga 250 ga yaqin endoprotezlar qoʻyiladi, shuningdek, yuzlab umurtqa pogʻonasi nuqsonlarida murakkab jarrohlik amaliyotlari, boʻgʻimlar artroskopiyasi, uzun va kalta naysimon suyaklar sinishlarida zamonaviy bloklovchi intramedulyar osteosintez amaliyotlari ham amalga oshirib kelinmoqda.

Poytaxtdan kelgan shifokorlar tomonidan tayanch-harakati tizimida nuqsoni boʻlgan fuqarolarga kam invaziv jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilib, ularning kelgusida toʻlaqonli hayot kechirishi uchun imkon yaratilmoqda. Shuningdek, ular tomonidan samarqandlik travmatolog shifokorlarga mahorat mashgʻulotlari oʻtkazilib, nazariy bilim berildi.

— Bolaligimda sonlarning tugʻma chiqishi xastaligi bilan ogʻriganman, — deydi Samarqand shahridagi Ziyokorlar mahallasida yashovchi M.Hakimova. — Oʻsha payt oyoqlarim kechroq operatsiya qilingan ekan. Shuning uchun yillar oʻtib, asorati bilindi va yurishim, egilishim, umuman, harakatlarimda jiddiy oʻzgarish sodir boʻldi. Kam taʼminlangan oilamiz, toʻrt nafar farzandim bor, ularni oyoqqa qoʻyib olishda hali mehnat qilishim kerak. Mahallamiz faollari shuni inobatga olib, bizni “Temir daftar”ga kiritgandi. Hozir jarrohlik amaliyotiga tayyorlashyapti, operatsiya muvaffaqiyatli boʻlishidan umidvorman.

Albatta, har bir operatsiya oʻziga xos murakkab jarayon. Qolaversa, endoprotezlash jarayonida faqatgina shifokorning mahorati emas, balki ushbu operatsiyada muhim boʻlgan tibbiy moslama ham lozim boʻladi. Xususan, endoprotez uchun lozim boʻlgan tibbiy moslamaning oʻzi xorijdan olib kelinadi.

“Temir daftar”dagi aholi uchun esa bu moslamalar byudjet mablagʻlari hisobidan keltirilmoqda.

Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi

Axborot xizmati.