Temir yo‘l sohasidagi natijalar va rejalar ko‘rib chiqildi

    Hukumat 6 Avgust 2024 754

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni temir yo‘l sohasida olib borilayotgan ishlar va kelgusi rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

    O‘tgan yili 10-oktyabrda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilishga oid Prezident qarori qabul qilingan edi. Bu jarayonga ko‘maklashish maqsadida xalqaro konsalting kompaniyasi ham jalb etildi.

    Jamiyat tarkibida infratuzilma, vagon xizmati, yo‘lovchilarni tashish kabilar bilan shug‘ullanuvchi 6 ta mustaqil korxona ish boshladi. Samarasiz va bir-birini takrorlovchi vazifalar birlashtirilib, ortiqchalari qisqartirildi.

    Poyezdlar tarkibiga 1 ming 40 ta yangi yuk va 45 ta yo‘lovchi vagoni qo‘shildi. Ichki yo‘nalishda yuk tashish muddati 2 karra qisqardi. “Keles” stansiyasida qo‘shimcha 2 ta elektrlashgan yo‘lni qurish orqali Toshkent atrofida poyezdlarni o‘tkazish imkoniyati 30 foizga oshdi.

    Ilgari yillar davomida zararga ishlab kelgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” bu islohotlar natijasida foyda ko‘rishga o‘tdi.

    Taqdimotda galdagi vazifalar, hal qilinishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.

    Keyingi vaqtlarda yo‘lovchi vagonlarining ahvoli, sovutish tizimidagi muammolar bo‘yicha ko‘p e’tirozlar bo‘lmoqda. 143 ta vagon ta’mirtalab. 59 ta lokomotiv xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan.

    Shuning uchun yangi yo‘lovchi vagonlar ishlab chiqarishga Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan 50 million dollar ajratilmoqda. 38 ta lokomotiv olib kelish va 12 ta elektrovozni modernizatsiya qilish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan 181 million dollarlik kelishuvga erishilgan.

    Mutasaddilar ushbu mablag‘lar hisobidan poyezdlar parkini yangilash rejalari bo‘yicha axborot berdi.

    Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvda Toshkentdan Nukusga tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishini aytgan edi.

    Buning uchun Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan 6 ta zamonaviy elektropoyezd olib kelinishi belgilangan. Hozirgi kunda uzunligi 465 kilometr bo‘lgan “Buxoro-Urganch-Xiva” temir yo‘li elektrlashtirilmoqda va buni yil oxirigacha yakunlash mo‘ljallangan. Kelgusi yillarda 196 kilometrlik “Miskin-Nukus” tarmog‘i elektrlashtiriladi. Natijada yo‘lovchilarning manzilga yetib borish vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.

    Taqdimotda, shuningdek, aksiyadorlik jamiyatiga qarashli nosohaviy aktivlarni xususiylashtirish, sohada xizmatlar sifati va eksportini oshirish masalalari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.