Temir yo‘l sohasini isloh qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi

    Hukumat 25 Sentabr 2023 4527

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-sentabr kuni temir yo‘l sohasini isloh qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

    So‘nggi yetti yilda mamlakatimizda sanoat korxonalari ko‘payib, 110 mingtaga yetdi. 2 mingdan ziyod yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Eksport hajmi 1,6 barobar oshib, o‘tgan yili 19 milliard dollarga yetdi. Bularning natijasida mamlakatimizda yuk aylanmasi 30 foizga oshgan.

    Ma’lumki, O‘zbekiston kabi dunyo okeanlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoni yo‘q mamlakatlar uchun eng qulay va arzon transport bu – temir yo‘l hisoblanadi. Lekin hozir ichki bozorda mahsulotning atigi 5 foizi, eksportda esa 45 foizi poyezdda tashilayapti. Ya’ni, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati avtomobilda yuk tashishga raqobat qila olmayapti.

    Chunki soha uzoq yillar isloh qilinmadi, zamonaviy boshqaruv tizimi joriy etilmadi. Shu bilan birga, halqaro maydondagi vaziyat hisobiga transport-logistika xarajatlari ham oshgan. Oqibatda jamiyatning daromadi ham, xizmatlar sifati ham past bo‘lib qolmoqda.

    Jumladan, vagonlar yetishmovchiligi va ularni ko‘plari eskirganligi aytib o‘tildi. Hozirgi tariflar va boshqaruv tizimi bilan sohaga xususiy sektor kirishi qiyin. Aksariyat stansiyalarning daromadi o‘z xarajatini qoplamaydi. Raqamlashtirish darajasi pastligicha qolayapti. Vokzallarda savdo va servis lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Xavfsizlik vaji bilan markaziy vokzallarga kirib-chiqish imkoniyati cheklangan. Avtoturargohlar uzoq joylashgani, chipta sotishdagi korrupsiya, vagonlardagi sharoit va xizmatdan aholi norozi.

    Shular qayd etilar ekan, yig‘ilishda sohani isloh qilish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

    Unga ko‘ra, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatini xoldingga aylantirib, zamonaviy boshqaruvni joriy qilish, infratuzilma, yuk vagonlari va logistika, yo‘lovchi tashish xizmatlari hamda vokzallar boshqaruvini bir-biridan ajratib, alohida korxonalar tashkil qilish mo‘ljallanmoqda.

    Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, sohadagi samaradorlikni oshirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi. Buxgalteriyani shaffof qilib, korxonalarga davlat kafolatisiz investitsiyalar va xorijiy ekspertlarni jalb etish zarurligi ta’kidlandi.

    Sohada xususiy sektor uchun jozibador tariflar shakllantirilishi, tadbirkorlarning vagon sotib olishi uchun kreditlar ajratilishi belgilandi. Shuningdek, markaziy vokzallar atrofida zamonaviy savdo majmualari qurish mumkin bo‘ladi, vokzallardagi joylar ijara uchun auksionga chiqariladi. Temir yo‘l stansiyalari atrofida bo‘sh joylar aniqlanib, logistika xizmatlari va ishlab chiqarish loyihalari joylashtiriladi.

    Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda “yagona darcha” tamoyili orqali yuk hujjatlarini elektron rasmiylashtirish, vagonlarga GPS o‘rnatish va onlayn ombor axborot tizimini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

    “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning nosohaviy aktivlarini qayta ko‘rib chiqish, ularni sotishdan tushgan mablag‘lar temir yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirish muhimligi ta’kidlandi.

    Poyezdlarning katta qismi poytaxt va viloyat markazlariga kirib kelishi oqibatida stansiyalarda tirbandlik yuqori bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois yuk stansiyalarini shaharlardan tashqariga ko‘chirish imkoniyatini o‘rganish zarurligi qayd etildi. Bu shaharlarda yuk mashinalari harakati kamayishiga, tumanlarga qo‘shimcha investitsiya kirishiga xizmat qiladi.

    Transport prokuroriga barcha temir yo‘l kesishmalarini tartibga olib, fuqarolar va harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

    Xodimlar malakasi, xizmatlar sifati masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

    Davlatimiz rahbari sohadagi islohotlar orqali aholi va tadbirkorlarni rozi qiladigan tizim yaratish zarurligini ta’kidladi.

    Mutasaddilar yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan axborot berdi.