Temir yo‘l transporti sohasi xodimlariga

    Hukumat 2 Avgust 2024 671

    Hurmatli do‘stlar!

    Avvalo, siz, azizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz – Temir yo‘l transporti xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga o‘zimning samimiy hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

    Biz ushbu tizimda mehnat qilayotgan sizlar kabi zahmatkash ishchi va xizmatchilar, quruvchi va muhandislar, mashinist va vagon kuzatuvchilari, soha faxriylarini o‘z ishining chinakam ustalari deb bilamiz va Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini, xalqimizning hayot sifatini oshirish yo‘lidagi xizmatlaringizni yuksak qadrlaymiz.

    Ushbu quvonchli ayyomda sohada amalga oshirilayotgan yirik loyiha va dasturlarimiz muvaffaqiyatini ta’minlashda sizlarning beqiyos hissangiz borligini minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.

    Bu haqda gapirganda, joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasini Xorazm viloyati bilan bog‘laydigan Shovot – Qorao‘zak yangi temir yo‘l tarmog‘i hamda Amudaryo orqali o‘tadigan, temir yo‘l va avtomobillar uchun mo‘ljallangan muhtasham ko‘prik foydalanishga topshirilganini ta’kidlash lozim.

    O‘tgan davrda 3 ming kilometrdan ziyod temir yo‘llar elektrlashtirildi. Buxoro – Urganch –Xiva hamda Miskin – Nukus temir yo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish ishlari esa jadal davom ettirilmoqda.

    Shuningdek, azim poytaxtimizdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga “Afrosiyob” elektropoyezdlarining qatnovlari soni oshirilmoqda. Kelgusida bu ishlarning davomi sifatida Toshkent – Buxoro – Xiva hamda Toshkent – Chirchiq – Hojikent yo‘nalishlarida ham yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yamiz.

    Bugungi kunda mamlakatimizning xalqaro transport va tranzit salohiyatini yuksaltirish borasida ham yangi ufqlar ochilmoqda. Strategik ahamiyatga ega Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

    Hozirgi vaqtda hayotimizga tobora chuqur kirib borayotgan paqamli texnologiyalar temir yo‘l transportiga ham faol joriy etilmoqda. Natijada xizmat ko‘rsatish darajasi keskin oshib bormoqda. Ayniqsa, yuklarni yetkazish vaqti sezilarli darajada qisqargani, temir yo‘l uchastkalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati ortgani, yo‘lovchilar oqimi ko‘paygani, operatsion xarajatlar qisqargani, bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish soddalashtirilib, yuk ortish va tushirish ishlari bo‘yicha yengillashtirilgan tartib o‘rnatilganini qayd etish joiz.

    Hurmatli soha xodimlari!

    Hayot va taraqqiyot sur’atlari misli ko‘rilmagan darajada tezlashib borayotgan bugungi kunda zamonning o‘zi barcha sohalar qatori temir yo‘l tizimi oldiga ham o‘ta dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Jumladan, temir yo‘l transportini yanada rivojlantirish, sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar turini ko‘paytirish va ularning sifatini yaxshilash, muhim zamonaviy kommunikatsiya obyektlarini barpo etish bo‘yicha sizlar bilan birgalikda hali juda katta ishlarni amalga oshirishimiz zarur.

    Ishonchim komil, boy bilim va tajribaga ega bo‘lgan temir yo‘l sohasi xodimlari yanada ulkan kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilib, mamlakatimizning temir yo‘l transporti sohasidagi salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shadilar.

    O‘z navbatida soha rivoji uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish, sizlarning sharafli va mashaqqatli mehnatingizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning e’tibor markazida bo‘ladi.

    Siz, azizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklab, kelgusi faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat tilayman.

    Shavkat Mirziyoyev,

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti