«Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida«gi Qonun imzolandi

    Qonun temir yoʻl transporti sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

    Temir yoʻl transporti faoliyati quyidagi asosiy prinsiplardan iborat boʻldi:

    • qonuniylik;
    • xavfsizlik;
    • ochiqlik va shaffoflik;
    • barqarorlik;
    • ekologik jihatdan tozalik;
    • temir yoʻl transporti xizmatlarining qulayligi va sifati;
    • temir yoʻl transporti infratuzilmasidan foydalanishdagi tenglik;
    • temir yoʻl transporti infratuzilmasining yaxlitligi va uzluksiz ishlashi.

    Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari temir yoʻl transporti xodimlarining tashish jarayoni bilan bogʻliq faoliyatiga aralashishga hamda ularni boshqa ishlarga jalb etishga haqli emasligi belgilandi.

    Temir yoʻl qatnovlari va tashishlar quyidagi turlarga boʻlindi:

    • ichki qatnovlar;
    • xalqaro qatnovlar;
    • toʻgʻridan-toʻgʻri aralash qatnovlar;
    • tranzit tashishlar;
    • maxsus tashishlar.

    Yoʻlovchi oʻzi bilan birga alohida joy berilmagan holda besh yoshgacha boʻlgan bir bolani, 36 kilogrammdan ortiq boʻlmagan qoʻl yukini va nogironligi boʻlgan shaxslar qoʻshimcha ravishda shaxsiy foydalanish uchun moʻljallangan texnik yordamchi (kompensatorli) vositalarni va maxsus harakatlanish vositalarini bepul olib yurish huquqiga ega.

    Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida quyidagi tashish tariflari turlari qoʻllaniladi:

    • yuklarni tashish tariflari;
    • yoʻlovchilarni tashish tariflari;
    • bagaj va yuk bagajini tashish tariflari;
    • pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish tariflari.

    Intizom temir yoʻl transporti xodimlarining intizomi toʻgʻrisidagi nizom bilan tartibga solinishi belgilandi.

    Tashish jarayonini markazlashtirilgan holda uzluksiz boshqarishni taʼminlash maqsadida, ularning joylashgan yeridan qatʼi nazar, mamlakatda amal qiluvchi yagona hisoblash-hisobot vaqti – Toshkent vaqti belgilanadi.

    Ushbu Qonun 2025-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.

    Qonuning 1–29, 31–57-moddalari ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach amalga kiritiladi.