Temir yoʻl uxlaydigan joy emas

    Tashvishli xabar 5 Avgust 2021 2692

    Temir yoʻlda uxlab qolgan shaxs nafaqat poyezdning, balki temir yoʻl kesishmasidagi harakatning toʻxtashiga ham sabab boʻldi.

    4-avgust, kechki payt Fargʻona viloyatidan oʻtuvchi temir yoʻlda fuqaro uxlab qolgani maʼlum boʻlgan.

    “04.08.2021-y. Fargʻona vodiysining Qoʻqon – Buvayda peregonining 7-km.ning 5-pk.da № P–93-sonli Andijon — Toshkent yoʻnalishidagi yoʻlovchi poyezdi harakati 20 daqiqaga toʻxtadi”, deyiladi tegishli maʼlumotda.

    Toʻxtash sababi, lokomotiv brigadasi temir yoʻl izlari ichi (koleya)da yotgan odamni koʻrganidan soʻng favqulodda tormozlashni qoʻlladi. Poyezd qoʻriqlanadigan temir yoʻl kesishmalaridan birining hududida toʻxtadi. Natijada soat 21:50 dan 22:10 gacha ushbu joyda avtotransportning tirbandligi yuzaga keldi.

    Mazkur fuqaro mast holda boʻlgani taxmin qilinmoqda.Favqulodda tormozlanish temir yoʻlda yotgan odam ustidan poyezd oʻtishi oldi olinmadi, lekin xayriyatki, uning tanasi poʻlat izlari orasida boʻlgani bois unga hech nima qilmagan. Baxtli tasodif tufayli u kishi nafaqat boshi omon qoldi, hattoki voqea joyidan bosh olib qochishga muvaffaq boʻldi. Yoʻlovchi poyezd texnik koʻrikdan oʻtganidan soʻng soʻng, poyezd belgilangan yoʻnalish boʻylab harakatini davom ettirdi, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati.

    Shuningdek, xabar orqali fuqarolarga murojaat qilinib, temir yoʻl atrofi – xavfi yuqori boʻlgan hudud hisoblanishi, mazkur joylardan oʻtish qoidalarni eslab yurish kerakligi eslatiladi.