Bugun AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻztemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Firdavs Xayriddinov temir yoʻllarda harakat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi:
«53 ta korxona va tashkilotda tashuvlar xavfsizligiga rioya qilish yuzasidan tekshiruvlar oʻtkazildi. Bunda temir yoʻlllarda tashishlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlar, poyezdlar harakati xavfsizligini tartibga soluvchi normativ hujjatlarga rioya qilinishi, xodimlarning sifat tarkibi masalallariga alohida eʼtibor qaratildi. Jami 3577 ta kamchilik aniqlandi, ularni barataraf etish uchun Inspeksiya tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan tegishli koʻrsatmalar kiritilgan.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamda vazirlik va idoralarning temir yoʻllarida poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan 1635 ta profilaktik tadbir oʻtkazildi.
Inspeksiya tomonidan “Foydalanishga topshiriladigan harakatdagi temir yoʻl sostavi xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi, “Temir yoʻl transporti infratuzilmasining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi hamda “Yuqori tezlikdagi temir yoʻl transporti xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihalari ishlab chiqilgan va Transport vazirligiga kiritilgan.
Hozirda mazkur loyihalardan ikkitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish bosqichida boʻlsa, yana biri Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilgan.
Temir yoʻl kesishmalarida harakatdagi tarkibning avtomashina bilan toʻqnashuvlari boʻyicha 9 ta holat qayd etilgan. Toʻqnashuvlar natijasida 2021-yilda 2 nafar fuqaro halok boʻlgan. Kesishmalardagi toʻqnashuvlar tahlil qilinganda, barcha holatda avtomobil haydovchilarining aybi bilan koʻngilsiz holatlar sodir boʻlayotgani aniqlangan».