Temuriylar haqida yana bir asar yaraldi

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida yozuvchi Xayriddin Begmatovning “Temurbek Turkiston amiri” nomli kitobi taqdimoti oʻtkazildi.

    Unda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimlari Toʻlqin Xayit, Xosiyat Bobomurodova, Zulfiya Moʻminova va boshqalar soʻzga chiqdi.

    Taqdimotda Xayriddin Begmatovning hayot va ijod yoʻliga nazar tashlandi. Asarning mazmun-mohiyati tahlil qilindi.

    – Ushbu asarim buyuk sohibqiron Amir Temurga bagʻishlangan uch kitobdan iborat romanning birinchisidir, – dedi muallif Xayriddin Begmatov. – Unda Sohibqironning buyuk sarkarda sifatida shakllanish yillari, moʻgʻul bosqinchilariga qarshi olib borgan kurashlari va Turkiston amiri sifatida ulkan va qudratli davlatga asos solgani hikoya qilinadi.

    Asar 2022-yilda “Sharq” nashriyotida 650 nusxada chop etilgan. Unga Qodirjon Qayumov muharrirlik qilgan. Yozuvchi 1995-2005-yillar Amir Temur haqidagi romanning birinchi kitobini yozdi. Roman “Temur – Turkiston amiri” deb ataldi. Unda oʻn toʻrt yoshida siyosat maydoniga chiqqan barlos begi hayoti qalamga olinadi. Temurbek yigirma yil toju taxt uchun kurash olib bordi. 1370-yili 34 yoshida Balx shahrida qaynogʻasi Sulton Husaynni yengib, Turkiston tojdori boʻldi. U mamlakatni yakkajilov qilib birlashtirdi. Roman Mironshoh Mirzoning oʻn toʻrt yoshga toʻlishi – 1380-yillar voqealari bilan tugaydi.

    Taqdimotda ushbu romanning ikkinchi, uchinchi jildlari nashrga tayyorlash jarayonida ekani haqida ham soʻz bordi. Bir guruh narpayliklar adibni yangi asar bilan qutladi. Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid kitoblar jamlanmasini topshirdi. Esdalik sovgʻalar taqdim etildi.

    Taqdimotda Xayriddin Begmatov asar borasidagi fikr-mulorhazalar uchun minnatdorlik bildirdi. Sheʼrlaridan oʻqib berdi. Yigʻilganlarga “Temurbek Turkiston amiri” kitobini ulashdi.