Teng huquqlilik: imkoniyati cheklangan shaxslarning saylov jarayonlarida ishtiroki

    Bugun poytaxtimizda “Teng huquqlilik: imkoniyati cheklangan shaxslarning saylov jarayonlarida ishtiroki” mavzusida oʻquv mashgʻuloti oʻz ishini boshladi.

    Unda Markaziy saylov komissiyasi, imkoniyati cheklangan shaxslar tashkilotlari vakillari, olimlar, nazariyotchilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

    Tadbir ochilishida Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari Bahrom Qoʻchqorov, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) missiyasi vakili Ruslan Ramanov, Saylov tizimlari xalqaro jamgʻarmasining (IFES) Oʻzbekiston boʻyicha direktori Tamar Jvaniya ishtirok etdi.

    B.Qoʻchkarov kirish nutqida tadbir ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, «Imkoniyati cheklangan shaxslarning siyosiy hayotda ishtirok etish usullaridan biri bu ularning saylovlarda ovoz berishlari hisoblanadi. Ovoz berish jarayonlari ularga koʻproq siyosiy taʼsir koʻrsatishga imkon beradi. Saylovda ovoz beruvchi nogironligi boʻlgan insonlar jamoatchilikka teng huquqli fuqarolar ekanliklarini namoyish etadi.

    BMTning “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida”gi konvensiyasida imkoniyati cheklangan shaxslarning saylovlarda ishtirok etish huquqlari belgilab berilgan. Oʻzbekiston Respublikasi 2021-yil 7-iyun kuni ushbu xalqaro aktni ratifikatsiya qildi», - deya qayd etdi.

    Qayd etilganidek, nogironligi bor shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining boshqa fuqarolari bilan jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanliklari Konstitutsiya bilan mustahkamlab qoʻyilgan. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi doirasida imkoniyati cheklangan shaxslarning siyosiy huquqlari kafolatlanadi.

    Avvalgi saylovlar tajribasini hisobga olgan holda, 2021-yilgi saylov kampaniyasi davrida nogironligi boʻlgan shaxslarning saylov huquqlarini amalga oshirishda teng sharoitlar, xususan saylovga oid maʼlumotlar, saylov uchastkalari binolaridan foydalanish imkoniyatlarini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻzda tutilgan edi.

    Nogironligi boʻlgan shaxslarning saylovdagi ishtirokini keng qamrab olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar, shu jumladan, ovoz berish tartib-taomillari, binolar va materiallardan toʻliq foydalanish imkoniyatini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar koʻzda tutilmoqda.

    Uch kun ichida trening ishtirokchilari saylov jarayonining barcha bosqichlarida nogironlarning ishtirok etishda mavjud boʻlgan toʻsiqlarni aniqlash, yechimlarni taqdim etish hamda saylov tuzilmalari va jarayonlarni tahlil qilish uchun maxsus yondashuvlarni ishlab chiqishlari lozim boʻladi.

    Shuningdek, trening doirasida manfaatdor taraflar oʻrtasida aloqalarni oʻrnatish va saylovlarda nogironlar ishtirokini kengaytirish strategiyalarini ishlab chiqish imkoniyati yaratiladi.

    Mazkur trening Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va IFES xalqaro saylov tizimlari jamgʻarmasi hamkorligida - saylov huquqi boʻyicha tarmoq tahliliy maʼlumotlar bazasi (ACE Electoral Knowledge Network) resurslariga tayanadigan BRIDGE dasturini jalb etgan holda tashkil etildi.

    Bahor XIDIROVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri