Tenglik, rangbaranglik va inklyuzivlik: suv bizni birlashtiradi

    Xalqaro hamkorlik 8 Iyun 2022 2622

    Joriy yil 6-iyunda Tojikiston Respublikasining poytaxti Dushanbe shahrida “Tenglik, rangbaranglik va inklyuzivlik: suv bizni birlashtiradi” mavzusida Xalqaro xotin-qizlar suv forumi boʻlib oʻtdi.

    Xalqaro Forum ishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi M.Qodirxonova ham onlayn tarzda ishtirok etdi.

    Senator oʻz maʼruzasida bugungi kunda suv muammosi Markaziy Osiyo mamlakatlari, shu jumladan, Oʻzbekiston uchun ham nihoyatda dolzarb ekanligi, mintaqamizning barqaror rivojlanishiga katta ekologik xavf solayotgan Orol dengizining qurishi va ushbu muammoni hal etishda Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro hamkorlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish davr taqozosi ekanligini aytib oʻtdi.

    Shuningdek, M.Qodirxonava xalqaro hamjamiyat tomonidan bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning tashabbusi qoʻllab-quvvatlanayotgani, xususan, BMTning Orolboʻyi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik Trast fondi tashkil etilgani, Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani nihoyatda muhim voqea boʻlganini alohida taʼkidladi.

    Forumda bu kabi global muammolarni hal etish, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish, iqlim oʻzgarishi masalalari boʻyicha qarorlar qabul qilishda ayollar ishtirokini oshirish, ularning yer, suv va biologik resurslardan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish choralarini koʻrishda ayol parlament aʼzolarining ham faol ishtirok etish holatiga eʼtibor qaratildi.

    Qayd etish joizki, ushbu anjuman joriy yilning 6-9-iyun kunlari Dushanbe shahrida oʻtkazilayotgan “2018-2028-yillarda “Suv barqaror rivojlanish uchun” xalqaro harakatlar oʻn yilligi Ikkinchi yuqori darajadagi konferensiya doirasida boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.