Tergov boʻyicha kadr tayyorlash boʻyicha yaxlit tizim – Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etildi. Unda yiliga 200 dan ortiq tergovchi tayyorlanyapti.

Lekin poytaxtda ichki ishlarda 100 ta tergovchi lavozimi uch oydan buyon vakant. Bu yuklama ham boshqa xodimlarga tushgani uchun sifat yoʻqolib borayotgani qayd etildi.

«2025-yil sudda 422 ta shaxs oqlangani sudyalarni mustaqil qaror qabul qilayotganidan dalolat. Bu, albatta, yaxshi! Lekin masalaning ikkinchi tomoni bor. Shuncha shaxsning noqonuniy ayblanganiga kim javob beradi?
Tergovda son emas, sifat boʻlishi kerak. Shu bois, ilgʻor xorijiy tajriba asosida tergov idoralarining faoliyatini takomillashtirish zarur», – dedi Prezidentimiz.

Manfaatlar toʻqnashuvi boʻlmasligi uchun ichki ishlardagi tergovchilar oʻz xizmat vazifasini hududiy ichki ishlar rahbarlaridan mustaqil olib borishi juda muhimligi qayd etildi.

Mutasaddilarga tergov organlari faoliyatini va ish hajmiga mos ravishda shtatlarni qayta koʻrib chiqib, qaror va qonun loyihalari toʻplamini kiritish topshirildi.