Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi boʻlim mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Shahnoza Mavlonova aholi orasida eng koʻp uchraydigan teri kasalliklari boʻyicha savollarga javob berdi (1-qism).
— Teri kasalliklari ichida eng keng tarqalgani va ularning ogʻir shakllari haqida gapirib bersangiz?
— Hozirgi kunda teri kasalliklari bilan xastalangan bemorlar soni aholi orasida koʻpayib bormoqda. Bulardan teri allergik kasalliklari, psoriaz, yaʼni qipiqli temiratki, vitiligo, alopetsiya ( soch toʻkilishi), husnbuzar kasalliklaridir. Shuni aytish joizki, oxirgi vaqtda teri kasalliklari orasida ogʻir kechayotgani poʻrsildoq yara kasalligi hisoblanadi. Shuningdek, turli ichki va tashqi omillar teri kasalliklarining nisbatan ogʻir kechishiga sabab boʻladi.
Xususan, organizm immun tizimining buzilishi, modda almashinuvi, neyro-endokrin kasalliklari xamda tashqi omillardan ekologik omillar, alimentar, asabiylashish va shu bilan bir qatorda bemor tomonidan nazoratsiz dori vositalarini qabul qilishlari kasalliklarning rivojlanishi va ogʻir shakllariga oʻtib ketishiga sabab boʻlmoqda. Maʼlumki, teri butun inson tanasini qoplab turuvchi aʼzo boʻlib qolmay, balki barcha ichki aʼzolar bilan uzviy bogʻliq xolda, qator muhim vazifalarni bajaradi. Odamning sogʻligʻi, yurak-qon tomir, asab, oshqozon-ichak trakti, endokrin tizimi bilan bir qatorda, terining funksiyasi va xususiyatiga ham bogʻliq.
— Yosh bolalarda gerpes virusi koʻp uchrab turadi. Onalarning hammasi ham bu nimadan kelib chiqqanini bilmaydi. Ushbu virus haqida maʼlumot bersangiz...
Viruslar sabab kelib chiquvchi dermatozlar teri kasalliklari ichida salmoqli oʻrinni egallaydi. Uchuq (gerpes virusi), kontagioz mollyuska, soʻgallar bolalarda koʻp uchraydi. Oddiy uchuq virusi boshqa viruslardan farq qilib, u inson organizmida yillab saqlanishi, baʼzi noxush holatlar (zotiljam, bronxit, OʻRVI, har xil intoksikatsiyalar va boshqalar) taʼsir etganda faollashishi mumkin. Aksariyat hollarda qoʻrqish, sovqotish, shamollash, gipovitaminoz holatlari ham viruslarni qoʻzgʻatib oddiy uchuqqa sabab boʻladi.
Baʼzan bemor bilan muloqotda boʻlganda ham kasallik yuqishi mumkin. Kasallik onadan bolaga muloqot vaqtida, tugʻruq yoʻllari orqali, ifloslangan homila oldi suyuqligi orqali va platsenta orqali yuqadi. Bunday hollarda kasallik ogʻir, asoratli kechishi mumkin. Kasallik OʻRVI kasalliklar bilan birga kechganda havo-tomchi yoʻli bilan ham yuqadi.
— Bugun qaysi goʻzallik saloniga kirmang «piling», «botoks», «mezoterapiya» xizmatlariga koʻzingiz tushadi. Mutaxassis sifatida yuzga shu usulda “ishlov” berishlariga qanday qaraysiz?
— Aholi orasida kosmetologik uslublar keng tarqalishi kuzatilmoqda. Bu muolajalar soʻzsiz mutaxassislar tomonidan bajarilishi zarur va maxsus muolajalar inyeksiyalar, botulotoksin yoki neyronoks, mezoterapevtik muolajalar, pilinglar aniq koʻrsatmalar asosida, tavsiyalarga koʻra bajarilishi shart. Kosmetologik muolajalar malakali mutaxassislar tomonidan qatʼiyan nazorat bilan maxsus sharoitda oʻtkazilishi kerak. Tanlangan mahsulotlarda davlat sertifikati boʻlishi zarur. Kosmetologik muolajalarni aynan yoshiga, terining holatiga qarab, mutaxassis tanlaydi va tavsiya qiladi. Toʻgʻri tanlangan tibbiy kosmetologik muolajalar terini goʻzallashtiradi va yoshartiradi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.