— Xalqimiz orasida oq dogʻlar baliq, sut, tuxum mahsulotlarining aralashtirib yeyishdan kelib chiqadi, degan qarash bor. Aslida vitiligo kasalligining kelib chiqish sabablari qanday?
— Vitiligo - teri kasalliklari orasida keng tarqalgan boʻlib, teri sohasida yalligʻlanmagan har xil shakllarga va oʻlchamlarga ega boʻlgan oq dogʻlarning paydo boʻlishi bilan ifodalanadi.
Bu kasallikning kelib chiqishiga koʻplab omillar sabab boʻladi. Asab, endokrin va immunitet tizimi va lipidlar perekis oksidlanishi tizimining buzilishi hamda hujayralarni oʻz-oʻzini yemirishi, shuningdek, terining mikroelement tarkibi va metabolik jarayonning oʻzgarishi shular jumlasidandir.
Vitiligo surunkali avj olib kechishi bilan ajralib turadi. Ayol va erkakda bir xilda uchraydi. U kasallikka moyillik (genetik) va qoʻzgʻatuvchi (tashqi) omillar taʼsirida paydo boʻladi. Tashqi omillarga emotsional asabiylashish va quyosh taʼsirida kuyish misol boʻla oladi. Kasallikning zoʻrayishiga ichki aʼzolarning surunkali yalligʻlanishi, zaharlanish, disbakterioz, gijja, endokrin va immun tizimi buzilishlari sabab boʻlishi mumkin. Vitiligo odatda toʻsatdan boshlanadi. Bemor, eng avvalo, depigmentatsiya oʻchogʻi (yoki oʻchoqlari)ni sezadi. Vitiligoning klinik koʻrinishi teri qoplami turli sohalarida gipo va depigmentatsiya oʻchoqlarining mavjudligi bilan xarakterlanadi va vaqt oʻtishi bilan kattalashishga moyil boʻladi. Ushbu xastalik kosmetik nuqson boʻlib, koʻpincha bemorga ruhiy tushkunlikni keltirib chiqaradi.
—Nasldan-naslga oʻtadigan teri kasalliklariga qaysilar kiradi?
— Terining irsiy kasalliklari genodermatozlar, deb ataladi. Hozir uning 200 dan ortiq turi mavjud boʻlib, ular butun teri kasalliklarining 10 foizini tashkil etadi. Ularga ixtioz, tugʻma bullyoz epidermoliz, Dare kasalligi, keratodermiyalar, albinizm, enteropatik akrodermatit kasalligi va boshqalar kiradi. Ushbu kasalliklar maʼlum bir genga bogʻliq boʻlib, nasldan naslga oʻtadi. Kasallikni kelib chiqishida qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh, onaning homiladorlik vaqtidagi turli xil genital va ekstragenital xastaliklar bilan ogʻrishi sabab boʻladi. Shuningdek, nasldan-naslga oʻtadigan teri kasalliklariga teri allergik kasalliklari turkumiga kiruvchi – atopik dermatit ham misol boʻla oladi. Ushbu kasallik genetik-determinatsiyalashgan teri kasalligi boʻlib, terining yalligʻlanishi, qichish holati bilan kechadi.
— Teri saratoni bilan kasallangan bemorlarga ham tez-tez duch kelamiz. Ushbu xastalikka chalinmaslik uchun nimalarga ahamiyat berish zarur?
— Terining oʻsma kasalliklari oʻz oʻrnida oʻsma oldi kasalliklari, terining yaxshi sifatli oʻsma kasalliklari va terining yomon sifatli oʻsma kasalliklariga ajratiladi. Terining saraton kasalliklariga bazalioma, melanoma, yassi hujayrali teri saratoni, T va V hujayrali teri limfomalari va boshqalar kiradi.
Teri saratoniga chalinmaslik uchun terini toʻgʻri parvarish qilish, teri gigiyenasiga rioya qilish, teri kasalliklarini oʻz vaqtida shifokor nazoratida, asoratlarsiz, toʻgʻri davo muolajasini olib borish, quyosh nuridan saqlanish va quyosh nuridan toʻgʻri foydalanish, terini turli xil jarohatlardan himoya qilish, bilib-bilmasdan terida paydo boʻlgan nuqsonlarni tabiblarda shifokor koʻrigisiz davolamaslik zarur.
Dermatoonkologiya hozirgi zamonaviy tibbiyotda rivojlanib kelayotgan sohalardan biri boʻlib, ushbu soha kasallikka oʻz vaqtida, erta, zamonaviy ilgʻor tibbiyot diagnostikasi usullardan, yaʼni shu oʻrinda molekulyar-genetik tekshirish usullari, sitologik, fotodiagnostika, immunogistoximiya, gistomorfologik va boshqa usullarini qoʻllash asosida foydalangan holda aniq tashxis qoʻyish, zudlik bilan davo choralarini koʻrishga va kasallikni oldini olish uchun aholi orasida tibbiy madaniyatni oshirishga qaratilgan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.









