Termiz aeroportidagi aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilish ishlari toʻliq yakunlandi

    Aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilishning uchinchi bosqichi yakunlandi. 2020-yil oxirida boshlangan rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi 2022-yil dekabrida yakunlangandi.

    Termiz xalqaro aeroportida aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilishning oxirgi, uchinchi bosqichi, jumladan, ikkinchi yurish yoʻlagi (RD-A) va asosiy yurish yoʻlagi uchastkasi qurilishi yakunlandi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

    Har bir yurish yoʻlagining tayanch qismi kengligi 23 m, umumiy eni esa 44 m boʻlib, bu Boeing787/777, Airbus 330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarga cheklovlarsiz yurish imkonini beradi. Shuningdek, perronda uchta samolyotlar turar joylarini qurish va yoritish moslamalarini oʻrnatish ishlari yakunlandi.

    Rekonstruksiya uchun material sifatida uchish-qoʻnish yoʻlagi kabi sement beton ishlatilgan. Bu Surxondaryo viloyatining issiq iqlimida optimal yechim boʻlib, uchish-qoʻnish yoʻlagi yanada mustahkam va bardoshliroq boʻladi.

    Eslatib oʻtamiz, 2020-yil oxirida boshlangan rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi 2022-yil dekabrida yakunlangan edi. Shunda 4E toifali aerodrom majmuasining katta qismi, jumladan, uzunligi 3000 metr va eni 60 metr boʻlgan yangi uchish-qoʻnish yoʻlagi, yurish yoʻlaklari va uchta samolyot turar joyi boʻlgan perron qurilgan, shuningdek, aerodrom zamonaviy CAT-I ICAO yoritish tizimi, meteorologik va radionavigatsiya qoʻnish tizimlari bilan jihozlangan edi. Shuni ham taʼkidlash joizki, Termiz aeroporti aerodrom majmuasini oxirgi marta rekonstruksiya qilish 1989-yilda amalga oshirilgan.