Xususan, Termiz davlat universiteti rektori, professor Avazjon Marahimov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Malayziyaning nufuzli Perlis, Utara hamda Terengganu universitetlarida boʻlib, mazkur OTMlar bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuvlar davomida oʻqituvchi-talabalar almashinuvi, shuningdek, turli ilmiy loyihalar, oʻzaro hamkorlik boʻyicha shartnomalar imzolandi.

Dastlab Perlis universitetida boʻlgan delegatsiya aʼzolari uchrashuv chogʻida ikkala OTM oʻrtasida professor-oʻqituvchi hamda talabalar almashinuvi dasturlari, ilmiy-innovatsion yoʻnalishlarda nufuzli anjumanlar tashkil qilishni muhokama etishdi. Ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, magistrant, tayanch doktorantlarning ilmiy ishlariga hamkor xorijiy oliy taʼlim muassasalaridagi yetakchi olim-professorlarni jalb etish kabi qator masalalarda oʻzaro kelishuvga erishildi.

– Malayziyadagi Perlis universiteti dunyo oliy oʻquv yurtlari “Top-1000” reytingida 801-oʻrinni egallagan. Perlis bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, tajriba almashish universitetimizni dunyoning eng rivojlangan oliy taʼlim muassasalari “Top-1000” reytingiga kirish yoʻlidagi ishlarimizning uzviy davomidir, – deydi rektor A.Marahimov.

Termiz davlat universiteti professor-oʻqituvchilari malayziyalik talabalar uchun oʻquv-seminar mashgʻulotlarini ham oʻtkazishdi. Jumladan, TerDU rektori sunʼiy intellekt istiqbollari hamda uning rivojlanish tendensiyalari haqida maʼruza qildi. Amaliy matematika va informatika kafedrasi mudiri, professor Chori Normurodovning “Nave-Stoks tenglamalarini uyurma-tok funksiyasi tizimida sonli modellashtirish” mavzusidagi maʼruzasi tinglovchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Soʻngra TerDU rektori Surxondaryo viloyatidagi yirik oliy taʼlim muassasasi faoliyati, keyingi yillarda taʼlim sifatiyu samaradorligini oshirishga qaratilayotgan eʼtibor, sohadagi yangiliklar, xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari hamda erishilayotgan yutuqlarga doir taqdimotlarni oʻtkazdi.

Delegatsiya aʼzolari Malayziyaning Utara universitetida yaratilgan shart-sharoit, u yerdagi ilm-fanga oid yangiliklar bilan ham tanishdi. Utara 2001-yilda tashkil topgan boʻlib, 2023-yilda QS agentligining “Top-1000” universitetlari roʻyxatida 401 – 500-oʻrinni egallagan. Delegatsiya mazkur universitetning zamonaviy, qulay va yorugʻ, shinam kutubxonasi bilan tanishdi. U yerda talabalar ilmiy-ommabop, badiiy kitoblarni oʻqib-oʻrganishlari, kelajakda yetuk mutaxassis boʻlib yetishishi uchun qulayliklar yaratilgani alohida eʼtirof eʼtildi.

Navbatdagi tashrif Malayziyaning Terengganu universitetiga boʻldi. Termiz davlat universiteti rektori Malayziyaning Terengganu universiteti rektori, professor Mazlan bin Abd Gaffar bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida professor-oʻqituvchi, doktorant, talabalar almashinuviga erishish, ilmiy loyihalar ustida ishlash boʻyicha oʻzaro hamkorlik boʻyicha shartnomalar imzolandi.

Aytish kerakki, mazkur kelishuvlar taʼlim tizimida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, universitetlar oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda muhim ahamiyatga ega. Ayni paytda Termiz davlat universiteti xorijdagi 50 dan ortiq nufuzli universitetlar bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Endilikda ular soni yana 3 taga koʻpaydi.

TerDU Axborot xizmati.

Reklama