Qarorga koʻra:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik taʼlim sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-fevraldagi qaroriga muvofiq Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filiali hamda Termiz davlat universitetining (keyingi oʻrinlarda-Universitet) pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Termiz davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etilgandi.
Institutning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
– hududda pedagogika soha va tarmoqlarining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalari, shuningdek, zamonaviy texnika hamda texnologiyalarning rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda pedagogika sohasi boʻyicha tarbiya va oʻqitish usullari, taʼlim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllash koʻnikmalariga ega professional oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash;
– Institutning mintaqa va xalqaro mnqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish va ilgʻor xalqaro tajribani tatbiq etish;
– oʻquv va ilmiy laboratoriya xonalarini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlash hamda oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
– taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida respublika va xorijiy yetakchi oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
– xorijiy yetakchi va nufuzli oliy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish, oʻquv va ilmiy-uslubiy taʼminotni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish;
– taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va taʼlim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini taʼminlash;
– pedagogika taʼlim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilgʻor xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga keng jalb etish;
– respublika va xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy muassasalariga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;
– xalqaro baholash dasturlari (RISA, TIMSS, RIRLS) va STEAM standartlaridan foydalanish, aniq va tabiiy fanlarni oʻqitish va baholashning zamonaviy shakllari, metodlari va texnologiyalarini joriy etish hamda ushbu bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan pedagoglarini tayyorlash.
Institutda oʻquv jarayoni 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi;
– 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Universitetda pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va ularning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul toʻxtatiladi hamda ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va uning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari boʻyicha tahsil olayotgan talabalar oʻqishni bitirgunlariga qadar Universitetda taʼlim jarayonini davom ettiradilar;
– Institutga talabalarni bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;
– oʻquv dasturlari oʻzaro yaqin boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini birlashtirgan holda bitiruvchilarga ikkita kvalifikatsiya berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
– Institut Universitetning oʻquv va ilmiy laboratoriyalaridan, sport inshootlaridan hamda axborot-resurs markazidan rejalashtirilgan dars jarayonlariga taʼsir etmagan holda tekin foydalanadi;
– Institutga kafedra mudiri va professor-oʻqituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilish Universitet kengashi qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, Islom Karimov koʻchasi, 228 “B”-uy manzilidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filiali bino va inshootlari hamda Muzrabot tumani, “Sharq yulduzi” QFY, “Shaffof” MFY manzilidagi sobiq Muzrabot agroservis kasb-hunar kolleji bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Institutga berildi.