Termiz innovatsiya hududida Jeonbuk texnoparkining filialini ochish taklif qilindi

    O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi, Chirchiq shahar hokimligi va “UzTest” vakillaridan iborat delegatsiya ushbu mamlakatdagi Jeonbuk texnoparki direktori Yang Jung bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi muʼlumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida tomonlar “O‘zbekiston uchun ekologik toza qishloq xo‘jaligi texnikasi platformasini yaratish” loyihasini muhokama qilishdi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijrochi direktori Bunyodjon Oxunov loyiha har ikki tomon uchun ham muhimligini taʼkidlar ekan, O‘zbekiston tomoni mazkur loyihaning master-rejasi bilan tanishgani va o‘z fikrlarini bildirganini qayd etdi.

    – 2016 yildan buyon Jeonbuk texnoparki O‘zbekiston, Efiopiya, Indoneziya kabi mamlakatlarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida Taraqqiyot maqsadidagi rasmiy yordam (ODA) loyihalarini ilgari surmoqda, - dedi Jeonbuk texnoparki direktori Yang Jung.

    Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan ekologik toza (CNG) qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash loyihasi ilgari surilishi mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashga hamda energetika mustaqilligiga ijobiy taʼsir ko‘rsatishi kutilayotganligi taʼkidlandi.

    Muloqot davomida Surxondaryo viloyati innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sherxon Kichkilov Surxondaryo viloyatidagi Termiz innovatsion tumani haqida maʼlumot berar ekan, unda sanoat, qishloq xo‘jaligi, issiqxona xo‘jaliklari, baliqchilik sanoati rivojlangan bo‘lib, innovatsion strukturani amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar yetarli ekanini maʼlum qildi. Sherxon Kichkilov Termiz innovatsion tumanida Jeonbuk texnoparkining filialini ochish yoki hamkorlikda texnopark tashkil etish taklifini ilgari surdi.

    Jeonbuk texnoparki direktori Yang Jung mazkur taklifni iliq kutib oldi va uni atroflicha o‘rganib chiqishga tayyor ekanligini bildirdi.

    Kelajakda Jeonbuk texnoparki O‘zbekiston bilan uzluksiz almashuv va hamkorlik orqali ODA dasturi bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilishiga umid izhor etildi

    Shuni ham qayd etish joizki, “O‘zbekiston uchun ekologik toza qishloq xo‘jaligi texnikasi platformasini yaratish” loyihasi doirasida mamlakat qishloq xo‘jaligi texnikalarini ekologik toza siqilgan tabiiy gaz balon yoqilg‘isiga o‘tkazish hamda R&D-tadqiqot markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

    Mazkur loyihani amalga oshirish uchun Koreya tomonidan Jeonbuk texnoparki boshchiligida konsorsium tuzilib, uning tarkibi Koreya mashinasozlik sanoati assotsiatsiyasi (KOAMI), “Agro Solution Korea” tashkiloti va Koreya sanoat texnologiyalari institutidan (KITECH) iborat. O‘zbekiston tomonidan asosiy hamkor tashkilotlar – Innovatsion rivojlanish vazirligi, “O‘zavtosanoat” AK, Chirchiq shahar hokimligi.