Termiz muhandislik-texnologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 3 Dekabr 2021 8894

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Respublikada mahalliy ishlab chiqarish, sanoat korxonalari, geologiya va konchilik tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, oʻquv jarayoniga oʻqitishning innovatsion shakl va metodlari hamda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, hududlarda zamonaviy fikrlaydigan, raqobatbardosh mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni bosqichma-bosqich qondirib borish maqsadida:

    1. Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali negizida Termiz muhandislik-texnologiya instituti (keyingi oʻrinlarda – Institut) tashkil etilsin.

    2. Quyidagilar Institutning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

    mahalliy ishlab chiqarish, sanoat korxonalari, geologiya va konchilik tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqib, mehnat bozorida raqobatbardosh oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar boʻyicha chuqur bilimga ega mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha uzluksiz taʼlim tizimini yaratish;

    yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni joriy etish, Institut professor-oʻqituvchilarining malakasini oshirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha tahsil olishlarini tashkil etish;

    oʻquv jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribani, jumladan, zamonaviy taʼlim texnologiyalarini tatbiq etish, ochiq axborot-taʼlim muhitini taʼminlash;

    oʻquv jarayonini talabalarda mustaqil taʼlim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirishga yoʻnaltirish;

    amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish uchun zamonaviy oʻquv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilgʻor texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;

    amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirishni yoʻlga qoʻyish, tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish, shuningdek, taʼlim oluvchilarning innovatsion gʻoyalarini amalga oshirish uchun grantlar jalb etish.

    3. Quyidagilar:

    2025-yilga qadar Termiz muhandislik-texnologiya institutini rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

    Termiz muhandislik-texnologiya institutini 2025-yilga qadar rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    4. Belgilansinki:

    Institut davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;

    Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali talabalari tahsil olayotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha Institutda oʻqishni davom ettiradi hamda ularga oʻqish yakuni boʻyicha Institut diplomi beriladi;

    Institutga talabalarni qabul qilish soni har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qoʻshimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;

    Institut Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

    5. Institutga quyidagi huquqlar berilsin:

    xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 1 000 talikka kirgan xorijiy oliy taʼlim muassasasining dasturi asosida oʻz taʼlim dasturlarini shakllantirish;

    ish beruvchilar talablarini inobatga olgan holda oʻquv rejalaridagi nazariy taʼlim ulushini qisqartirish hisobiga amaliy mashgʻulotlar hajmini oshirish, haftada bir kunlik amaliyot tajribasini qoʻllash;

    Institut faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha maslahat va ekspert-tahliliy xizmatlarni shartnoma asosida koʻrsatish, shuningdek, taqdim etiladigan xizmatlarni samarali amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqot va innovatsion xizmat koʻrsatuvchi korxonalarni tashkil etish;

    shaffoflik tamoyillari asosida xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda ularga mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda Institutning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan oylik maosh hamda boshqa toʻlovlarni belgilash va toʻlash;

    professor-oʻqituvchilarni oʻquv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari va “ustoz-shogird” tizimi boʻyicha bajargan ishlarining natijasi boʻyicha ragʻbatlantirib borish.

    6. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

    a) ikki oy muddatda:

    Institutni tanlov asosida ishlab chiqarish tashkilotlari, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida katta ilmiy va amaliy tajriba orttirgan mutaxassislar, ustuvor ravishda, ilmiy darajaga ega boʻlgan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirish chorasini koʻrsin;

    Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Institutning ixtisoslashgan fakultet va kafedralarini mos yoʻnalishlari boʻyicha davlat ulushiga ega yirik xoʻjalik yurituvchi subyektlar va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin;

    b) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Institutning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab yetakchi oliy taʼlim muassasalarida tegishli magistratura mutaxassisliklari va 2023-yildan boshlab tayanch doktoranturada kadrlarni maqsadli tayyorlash choralarini koʻrsin;

    v) Institut uchun bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash ishlarini har yilgi Investitsiya dasturida sohaga ajratilgan limitlar doirasida amalga oshirish yuzasidan takliflarni Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga kiritib borsin.

    7. Surxondaryo viloyati hokimligi Institut faoliyatini samarali tashkil etish uchun boshqa hududlardan jalb etilgan professor-oʻqituvchilarni uy-joy bilan taʼminlash maqsadida Institutga yaqin hududda joylashgan koʻp qavatli uy-joylardan xizmat uylarini Institutga tekin foydalanish huquqi asosida ajratsin.

    8. Institut faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari, talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi belgilansin.

    9. Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, Islom Karimov koʻchasi, 288 “a”-uy manzilida joylashgan bino va inshootlar tegishli hududi bilan birga Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berilsin.

    10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

    11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-iyundagi “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ−3101-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan, deb hisoblansin.

    12. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

    bir oy muddatda Institutning tuzilmasi va ustavi tasdiqlanishini hamda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;

    ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X.Toshkulov hamda Surxondaryo viloyati hokimi T.A.Bobolov belgilansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2021-yil 3-dekabr