Yashil hududlarni yaratish, tabiat musaffoligini taʼminlash maqsadida yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Surxondaryo viloyatida ham umummilliy loyihaning bahor mavsumida 10 milliondan ortiq daraxt koʻchatlari ekish rejalashtirilgan boʻlib, bu borada vohaning barcha hududlarida ishlar qizgʻin davom etmoqda.
Jumladan, bugun Termiz shahri va Termiz tumanida daraxt ekish aksiyasi oʻtkazildi. Termiz shahri “Sahovat” mahallasi hududidagi 1,3 gektar maydonda viloyat hokimligi bogʻi etish maqsadida daraxt koʻchatlari ekish ishlariga start berildi. Hududda 10 mingdan ortiq daraxt koʻchatlari ekib, istirohat bogʻi, elektromobillarni quvvatlash, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shaxobchalari, savdo doʻkoni va qoʻshimcha binolar qurilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Termiz tumani “Yangiobod” mahallasida joylashgan 40 gektar maydonda tashkil etilayotgan “Sektor rahbarlari bogʻi”da ham daraxt koʻchatlari ekish ishlari boshlandi.
Tadbirlarda viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov, shahar va tumandagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etishib, daraxt koʻchatlari ekish aksiyasini boshlab berishdi. Aksiya doirasida koʻchat oʻtqazish ishlari davom etmoqda.