Surxondaryo viloyati Transport boshqarmasi hamda “Termiztransportxizmat” MCHJ hamkorligida Xitoyning “ZHONGTONG BUS” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 35 ta zamonaviy avtobus viloyatga yetkazib kelindi.
Yaqinda faoliyatini boshlagan Manguzar avtoshohbekatida ushbu avtobuslarni foydalanishga topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov, “ZHONGTONG BUS” kompaniyasi rasmiylari, transport sohasi mutasaddilari, jamoat faollari va nuroniylar ishtirok etdi.
Zamonaviy texnik talablarga toʻla javob beradigan, yoʻlovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan, ekologik toza va energiya tejamkor avtobuslar tantanali ravishda kompaniya vakillari tomonidan viloyat rahbariga topshirildi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, ushbu tashabbus Termiz shahridagi jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish, aholiga qulay, tezkor va sifatli xizmat koʻrsatishni taʼminlashga qaratilgan.
Yangi avtobuslar toʻliq “Brutto” shartnomasi asosida shahar ichki yoʻnalishlarida qatnovni boshlaydi. Bu esa jamoat transportining samaradorligini oshirish, aholining xavfsiz va qulay harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Kelgusida Termiz shahrida yoʻlovchi transportini yanada yangilash va avtobuslar parkni kengaytirish boʻyicha ishlar izchil davom ettiriladi.








