Termiz shahrini barqaror tabiiy gaz bilan taʼminlash uchun 70 milliard soʻm ajratiladi

    Hukumat 2 Iyun 2021 3731

    Surxondaryoda 1-oktyabrga qadar 1 ming 230 kilometr yoʻl taʼmirlanadi, 700 kilometr suv, 28 kilometr oqova suv tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi va 1 ming kilometr elektr tarmogʻi tortiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatda oʻtkazilgan faollar yigʻilishida maʼlum qildi.

    Shuningdek, Termiz shahar aholisini barqaror tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida, qoʻshimcha magistral gaz quvurlarini qurish uchun maxsus Jamgʻarmadan 70 milliard soʻm ajratiladi.

    Bundan tashqari, Denov shahrida 100 milliard soʻm byudjet mablagʻlari hisobiga, yangi oqova suv inshooti bu yil qurib bitkaziladi va 170 ming aholi kanalizatsiya xizmatlari bilan qamrab olinadi.

    Yaqin 2-3 yilda viloyatda 1,5 million aholining ichimlik suv muammolarini toʻliq hal qilish maqsadida “Toʻpalang” suv omboridan 400 kilometr magistral tarmoqlar quriladi. Buning uchun Xalqaro moliya institutlaridan 150 million dollar jalb qilish boʻyicha loyiha taklifi kiritiladi.

    Shuningdek, viloyatda ijtimoiy, kommunikatsiya va yoʻl infratuzilmasini rivojlantirishga, 2021-yil uchun qoʻshimcha 200 milliard soʻm ajratish topshirigʻi berildi. Ushbu mablagʻning 80 milliard soʻmi Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlaridagi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilashga yoʻnaltiriladi.