Bu haqda DXX axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz tuman sudining sudya yordamchisi xizmat mavqeyidan foydalangan holda mazkur tuman sudida koʻrilayotgan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish boʻyicha huquqbuzarga nisbatan yengillik yaratib berishi evaziga dastlab 500 ming soʻm pul mablagʻini olib, qoʻshimcha ravishda 800 AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida Termiz shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda sudya yordamchisi oʻzining qarindoshi vositachiligida 800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.









