Termiz tumanida qovun eksporti boshlandi

    “Nurmuhammad Maftuna fermer xoʻjaligi 10 gektar yer maydondagi polizdan 350 tonna qovun yigʻib olishni rejalashtirmoqda.

    Termiz tumani respublikamizning eng janubiy tumani hisoblanib, oʻziga xos iqlim sharoiti va vohaning eng issiq hududi boʻlganligi sababli barcha qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yurtimizning boshqa joylariga nisbatan ertaroq pishib yetiladi.

    Bunga misol tumandagi “Nurmuhammad Maftuna” fermer xoʻjaligida har yili erta pishar poliz ekinlari ekilib, ichki bozorga va chet davlatlarga eksport qilib kelinadi. Bu yil ham fermer xoʻjaligi tomonidan 10 gektar yer maydonida qovunning hosildor erta pishar “Dagara” navi ekilgan boʻlib, hozirda hosil yigʻishtirish ishlari avj pallasida ketmoqda.

    — Har yili poliz mahsulotlarini yetishtirib, xalqimiz dasturxonlariga yetkazib berib kelmoqdamiz. Bu yil ham erta pishar qovun navini ekib, hosil yigʻib olishni boshladik. Mavsum boshlangandan buyon bir kunda 8-10 tonna mahsulotni saralab yurtimiz boʻylab mahalliy bozorlarga va chet davlatlarga eksport uchun chiqarib kelmoqdamiz. Bu yil 10 gektar yer maydondagi polizimizdan 350 tonna qovun yigʻib olishni rejalashtirganmiz, — deydi “Nurmuhammad Maftuna” fermer xoʻjaligi ish boshqaruvchisi Nurmuhammad Muxtorov.

    Davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalangan shu kabi mirishkor dehqonlarimiz qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini erta bahordan yetishtirib, mahalliy bozorlarni sifatli meva-sabzavot va poliz mahsulotlari bilan taʼminlab kelishmoqda hamda yetishtirgan mahsulotlarini chet davlatlarga eksportga yoʻnaltirib, qoʻshimcha daromadlarini koʻpaytirib borishmoqda.

    Sovuqni sovuq, issiqni issiq demay tomorqada mehnat qilib, hosil yetishtirayotgan mirishkorlarimizning hosiliga baraka tilab, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda mashaqqatli mehnatlari orqali qoʻshayotgan xissalari uchun minnatdorchilik bildiramiz, deya xabar beradi Termiz tuman hokimligi Axborot xizmati.