Farmonga muvofiq, “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududini qisqartirish hisobiga quyidagilar tashkil etildi:
● “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi;
● “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi.
Termiz xalqaro savdo markazi hududida, jumladan:
zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, saralash va qadoqlash xizmatlari va elektron savdo portallari tashkil etiladi;
“yagona darcha” va boshqa xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi;
Afgʻonistondan kiruvchi shaxslarning, istisno tariqasida, Oʻzbekistonga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan, shaxsiy va pasport nazoratidan oʻtgan holda 10 kun davomida hududda boʻlish tartibi joriy etiladi;
tadbirkorlar tomonidan chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga realizatsiya qilinadigan hamda Afgʻonistonga olib chiqiladigan tovarlar va xizmatlar eksportga tenglashtiriladi;
chet el tovarlari “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimiga rasmiylashtirish orqali joylashtiriladi hamda, istisno tariqasida, ushbu tovarlar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat etiladi;
Termiz xalqaro savdo markazi hududiga Afgʻoniston tomonidan kirish va undan chiqish “Termiz-avtoyoʻl” oʻtkazish punktidan maxsus texnik vositalari bilan jihozlangan alohida yoʻlak (koridor) orqali amalga oshiriladi.