Tadbirda vazirlik va idoralar, tarmoq korxonalari, yirik tadbirkor va eksportyorlar, shuningdek Afgʻoniston ishbilarmon doiralari vakillari, xususiy tibbiyot muassasalari vakillari ishtirok etishdi, deya xabar beradi Davlat Bojxona qoʻmitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev.

Marosimda Davlat bojxona qoʻmitasi raisi oʻrinbosari O.Choriyev ishtirok etib, markaz hududida bojxona tartibotlari va imtiyozlarining qoʻllanilishi yuzasidan soʻz yuritdi.

“Intermeks” deb nomlangan markaz hududi bojxona hududidan tashqarida joylashgan hisobladi va bu yerga tovarlar bojxona toʻlovlari toʻlanmasdan va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmasdan olib kiriladi.

Transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari kirish va chiqish vaqtini avtomatlashtirilgan navbatlarni boshqarish elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.

Markazda “Yagona darcha” va interaktiv mexanizmlar asosida bojxona, soliq, sertifikatsiya, fitosanitariya, veterinariya, transport, bank va valyuta ayirboshlash, mobil aloqa hamda mijozlar uchun tibbiyot va mehmonxona, avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish va boshqa xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi.

Bu yerda tovarlar “erkin bojxona zonasi” rejimiga rasmiylashtiriladi hamda istisno tariqasida, ushbu tovarlar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat etiladi.

Markaz hududidan chet el tovarlarini olib chiqish “reeksport” bojxona rejimida, Oʻzbekiston tovarlarini olib chiqish esa “eksport” bojxona rejimida amalga oshiriladi.

Bu yerda tadbirkorlar tomonidan Termiz xalqaro savdo markazi hududiga Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlardan tashqari Xitoy, Turkiya, BAA kabi davlatlardan tovarlar olib kelishi va erkin bojxona zonasi bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, Afgʻoniston va xorijiy davlatlar fuqarolariga ulgurji va chakana tartibda sotilishi nazarda tutilgan.

Mazkur yangiliklar tadbir ishtirokchilarida alohida qiziqish uygʻotdi va bojxona masʼullari bilan savol-javoblar qizgʻin kechdi.