Termizda 1 ming 540 oʻringa moʻljallangan yangi maktab ish boshladi

    Ta'lim 30 Avgust 2021 7161

    Termiz shahrida yangi barpo etilgan 26- umumiy oʻrta taʼlim maktabi foydalanishga topshirildi.

    Prezidentimiz 2019-yil 30-aprel va 1-may kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Termiz shahrining Bogʻishamol mahallasi Farovon massivida barcha qulayliklarga ega zamonaviy maktab barpo etish vazifasi berilgan edi. Shunga muvofiq viloyatning Investitsiya dasturi doirasida mazkur taʼlim muassasasini qurish belgilanib, qariyb 39 milliard soʻmlik qurilish-montaj va pardozlash ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy usulda jihozlanib, oʻquvchilar va oʻqituvchilar uchun barcha qulaylik yaratildi.

    Eng ulugʻ,eng aziz bayramimiz arafasida yangi oʻquv yiliga sovgʻa qilingan taʼlim-tarbiya maskanimiz vohadagi eng yirik maktab, — deydi taʼlim dargohi direktori Ixtiyor Ziyotov. — 1 540 oʻquvchiga moʻljallangan. Toʻrt qavatli zamonaviy binodan iborat bu dargohda ikkita sport zal, 250 oʻrinli oshxona, 350 oʻrinli faollar zali, axborot-kutubxona markazi, oʻquv zali, sunʼiy qoplama toʻshalgan stadion, sport maydonlari ham bunyod etilgan. Barcha xonalar kompyuter, internet, konditsioner, kuzatuv kamerasi, ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Bu yerda taʼlim oʻzbek va rus tillarida olib boriladi. Maktab shahardagi Bogʻishamol va Kattabogʻ mahallalari hududidagi 1-11 sinf oʻquvchilarini toʻliq qamrab olishga imkoniyatiga ega. Maktabga eng sara oʻqituvchilar tanlov asosida ishga qabul qilinadi.

    Salobatli maktab kutubxonasiga 200 dan ortiq badiiy kitob sovgʻa qilindi, deb xabar beradi Surxondaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.