Termizda 219 tup daraxt noqonuniy kesib tashlandi

    Yashil sayyora 30 Iyun 2025 1064

    Maʼlumotlarga koʻra, ular orasida Eldor qaragʻayi, Vergin archasi, Sharq biotasi, Chinor va boshqa navlar boʻlgan.

    Qayd etilishicha, holat yuzasidan Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat Prokuraturasi hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi.

    Maʼlumotlarga koʻra, mazkur hududda koʻp qavatli turar-joy majmuasi qurilishi dastlab “Gigant Tosh Qurilish“ MCHJ, keyinchalik esa ushbu obyektni meros qilib olgan “DEVELOPMENTS REST” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda.

    Qurilish uchun ajratilgan Termiz shahri “Doʻstlik“ mahallasidagi yer maydonida 356 tup daraxt mavjud boʻlib, ular 2025-yil mart oyida viloyat ekologiya boshqarmasi mutaxassislari tomonidan rasmiy xatlovdan oʻtkazilgan. Qurilish ishlari boshlanishidan avval jamoatchilik eshituvlari ham tashkil etilgan, mavjud daraxtlarni koʻchirib oʻtkazish rejalashtirilgan edi. Mazkur MCHJ daraxtlarni koʻchirib o;ʼtqazishga yuborgan soʻroviga viloyat Ekologiya boshqarmasi daraxt koʻchirib oʻtqazish mavsumi emasligi sababli rad etilgan.

    Biroq, belgilangan tartib va hujjatlarsiz, iyun oyida hududdagi 219 tup daraxt, jumladan eldor qaragʻayi, vergin archasi, sharq biotasi, chinor va boshqa navlar noqonuniy tarzda kesib tashlangani aniqlangan.

    Mazkur holat orqali Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida“gi Qonunining 21 va 37-moddalari, shuningdek Prezidentning 2021-yil 30-dekabrdagi PF-46-sonli Farmoni talablari buzilgan.

    Qimmatbaho va kam qimmatli daraxtlarning noqonuniy kesilishi oqibatida oʻsimlik dunyosiga juda katta miqdorda ekologik va iqtisodiy zarar yetkazilgan.

    Hozirda holat boʻyicha barcha tegishli hujjatlar viloyat prokuraturasiga huquqiy baho berish uchun taqdim etilgan.